12:38 / 23.04.2016
1413

BMT KXDRga neft eksport qilishni taqiqlashi mumkin

AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya hukumati, BMT Xavfsizlik kengashidan Shimoliy Koreyaga neft eksport qilishni taqiqlash bo‘yicha qaror qabul qilishni talab qilish niyatida. Rasmiy Pxenyan yangi yadro sinovi o‘tkazgudek bo‘lsa, shu mazmundagi murojaat Xavfsizlik kengashi muhokamasiga kiritiladi, deb xabar qilmoqda TASS agentligi yapon OAVga tayangan holda.

OAV manbalariga ko‘ra, rezolyutsiyaga Sh. Koreyaga neft sotishni taqiqlashdan tashqari, mamlakatdagi yagona Air Koryo aviakompaniyasi samolyotlarining parvoziga ham ruxsat bermaslik bandi kiritilishi mumkin.

Qayd etilishicha, mazkur uch davlat KXDRga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish masalasida Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilmoqchi.

Shu haftada, Yaponiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Akitaka Sayki, AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Entoni Blinken va J. Koreya tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Lim Son Nam Seulda uchrashib, KXDRga nisbatan bosimni kuchaytirishga kelishib olishdi.

Janubiy Koreya milliy mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, rasmiy Pxenyan ballistik raketa uchun termoyadro jangovar kallagini sinovdan o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqda.

AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Entoni Blinken Shimoliy Koreyani o‘z yadro dasturini muzlatishga chaqirgan edi.

Top