20:08 / 24.04.2016
1459

Obama Hannoverga ishchi safar bilan keldi

AQSh prezidenti Barak Obama Germaniyaga ishchi safar bilan keldi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.

Ta'kidlanishicha, Obama Germaniya kansleri Angela Merkel bilan birga Hannoverdagi sanoat yarmarkasini ochadi.

Hannover texnologiyalar va sanoat investitsiyalari yarmarkasi dunyodagi eng yirik yarmarka hisoblanadi va joriy yilda tadbirning hamkori AQSh hisoblanadi.

Obama Germaniyaga o‘zining dunyo bo‘ylab safari davomida tashrif buyurdi, u bundan avval Saudiya Arabistoni va Buyuk Britaniyaga tashrif buyurgandi.

Focus nashrining ma'lum qilishicha, yarmarka oldidan o‘n minglab odamlar Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasida erkin savdo bitimi tuzilishiga qarshi namoyishga yig‘ilishgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Germaniya ko‘chalariga 90 mingga yaqin odam chiqqan, 35 mingga yaqin politsiyachi xavfsizlikni ta'minlamoqda.

Mahalliy OAV ta'kidlashicha, Obama va Merkelning uchrashuvi mavzusi Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasida erkin savdo bitimi shartlari muhokamasi bo‘ladi.

Avvalroq Angela Merkel Yevropa Ittifoqining maqsadi Obamaning prezidentlik muddati tugaguncha bu bitimni tuzish hisoblanishini aytgandi.

Top