08:06 / 25.04.2016
1767

Erdo‘g‘an armanlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 1915 yilda Usmonlilar imperiyasi hududida halok bo‘lgan armanlarning o‘limi uchun uning qarindoshlariga hamdardlik bildirdi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar tarqatgan.

Erdo‘g‘anning shu bo‘yicha nomasi Istanbulda Armanlar apostol cherkovining Konstantinopol patriarxi o‘rinbosari arxiyepiskop Aram Ateshyan tomonidan o‘qib eshittirilgan.

Prezident maktubida aytilishicha, Turkiya Usmonlilar imperiyasidagi armanlar qayg‘usini bo‘lishib, ularning xotirasini qadrlaydigan mamlakatdir.

Arman tilidagi bu nomada ta'kidlanishicha, bu voqeaga siyosiylashgan nafratona so‘zlar bilan yondashish, tarixan umumiy an'analarga ega bo‘lgan arman va turk xalqini bo‘lishga urinish hisoblanadi.

Bundan oldinroq, Armaniston prezidenti Serj Sargsyan va mamlakatning birinchi xonimi Rita Sargsyan Tsitsernakaberddagi arman genotsidi qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan memorialga tashrif buyurib, gul qo‘yishgandi. Shuningdek, marhumlarni xotirlash marosimida kelib chiqishi arman bo‘lgan Hollivud aktyori Jorj Kluni hamda fransiyalik arman Sharl Aznaur ham ishtirok etgan. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ markazida ham xotirlash tadbiri o‘tkazilgan.

24 aprel kuni butun dunyoda xotirlash marosimlari o‘tkaziladi, Turkiya tomoni 1915 yilning 24 aprelida Usmonlilar imperiyasi hududida 2 millionga yaqin armanning qirg‘in qilinganini genotsid sifatida atashni inkor etadi.

Erdo‘g‘an 2014 yilning 23 aprelida mamlakat parlamentida nutq so‘zlab, XX asr boshlarida arman millatiga qarshi amalga oshirilgan ommaviy qirg‘in natijasida halok bo‘lganlarning avlodlariga ilk bor hamdardlik bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya va Armaniston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar to‘xtatilgan, davlatlar o‘rtasidagi chegara esa 1993 yilda yopib qo‘yilgan edi. Bunday xolatga avvalo Turkiyaning Qorabog‘ muammosi bo‘yicha Ozarbayjon pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaganligi hamda 1915 yilda Usmonlilar Imperiyasi tomonidan armanlarga qarshi uyushtirilgan genotsidning xalqaro miqyosda tan olinishiga Anqaraning bildirgan munosabati sabab bo‘lgan edi.

Top