12:09 / 25.04.2016
1550

KXDRda Koreya xalq armiyasining 84 yilligi keng nishonlanmoqda

Shimoliy Koreyada mamlakat qurolli kuchlari tashkil etilganligining 84 yilligi munosabati bilan tantanali yig‘ilishlar, konsertlar va sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Ammo harbiy parad o‘tkazish rejasi mavjud emas.

Pxenyan aholisi an'anaga ko‘ra, shahar markazidagi Mansu tepaligiga o‘rnatilgan Kim Ir Sen va Kim Chen Ir haykallari poyiga gulchambarlar qo‘yishgan. Harbiy qabristonlarni ziyorat qilish ham ommaviy ravishda o‘tkazilgan. Rossiya, Xitoy, Vetnam, Kuba, Eron va Misrning Pxenyandagi harbiy attashelari ikki Koreya o‘rtasidagi urushda halok bo‘lganlarning ramziy qabriga gulchambarlar keltirishgan.

Bayram arafasida, Kim Chen In suvosti kemasidan ballistik raketa uchirilishiga rahbarlik qildi. Koreya markaziy telegraf agentligi (KMTA) xabariga ko‘ra, suvosti kemasi maksimal chuqurlikda bo‘lgan. Raketaga esa, qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan yangi turdagi dvigatel o‘rnatilgan.

BMT Xavfsizlik kengashi, o‘z navbatida, Shimoliy Koreyaning 23 aprel kuni o‘tkazgan sinovlarini qoralab, rezolyutsiyalarni yana bir bor qo‘pol ravishda buzish, deb atadi. XK a'zolari Pxenyandan bu kabi harakatlarni bas qilishni talab qilib, vaziyatni diqqat bilan kuzatish hamda zarur bo‘lgan hollarda, jiddiy choralar ko‘rishga kelishib oldilar.

Umuman, "KXDR tomonidan yangi ballistik raketalar ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish ishlari, ular muvaffaqiyatsiz yakunlangan taqdirda ham" Xavfsizlik kengashining 2006-2016 yillarda qabul qilgan 5ta rezolyutsiyasi bilan taqiqlangan. Rasmiy Pxenyan esa, bu rezolyutsiyalarni tan olmasligini ta'kidlab keladi.

Top