20:10 / 25.04.2016
1523

«Yuventus» «Napoli»ning mag‘lubiyati tufayli muddatidan oldin Italiya chempioniga aylandi

Turinning «Yuventus» jamoasi Italiya A seriyasi yakunlanishiga 3 tur borligida muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirdi.

Bu 35-turning bugun o‘tkazilgan o‘yinida turinliklarning eng yaqin ta'qibchisi «Napoli»ning mag‘lubiyatga uchrashi va qolgan turlarda qanday natijalar qayd etilishidan qat'i nazar peshqadamga yeta olmasligi aniq bo‘lgani tufayli ro‘y berdi.

Rimdagi «Olimpiko» stadionida kechgan uchrashuv «Roma»ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Jamoa A Seriyada qatorasiga 14 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda. O‘yindagi yagona gol o‘yin yakunlanishi arafasida Radja Nainggolan tomonidan urilgan.

Endilikda, A seriya turnir jadvalida «Napoli» 73 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qolmoqda. Shu turning 24 aprel kuni kechgan uchrashuvida turinliklar «Fiorentina»ni mag‘lubiyatga uchratib, 85 ochko bilan 12 ochkoga ilgarilab ketgandi. Uchinchi o‘rinda joylashgan «Roma» 71 ochko bilan neapolliklarni ta'qib qilmoqda.

«Yuventus» Italiyaning 32 karra chempioniga aylandi. Shuningdek, turinliklar qatorasiga beshinchi marta A seriyada tengsiz bo‘lishmoqda.

Qayd etish kerakki, jamoa bundan oldin ham shunday muvaffaqiyatni qayd etgan, 1931 yildan 1935 yilgacha «Yuventus» uzluksiz chempion bo‘lgandi.

«Yuventus» bugun muddatidan oldin chempionlikni nishonlashi mumkin

Top