22:02 / 26.04.2016
2051

eBay auksionida BMW motoriga ega noyob motorxoum sotuvga qo‘yildi

eBay onlayn-auksionida BMW dizel motori bilan jihozlangan, 1986 yil ishlab chiqarilgan noyob motorxoum (g‘ildiraklardagi uy) – Vixen 21 TD sotilishi haqidagi e'lon chop etildi. Ayni vaqtda unga 17 ming dollardan ko‘proq taklif qilingan.

1986 yildan 1989 yilgacha hammasi bo‘lib 587 ta Vixen motorxoumi ishlab chiqarilgan. Avtomobil GMC Motorhome’ga raqobatchi sifatida yaratilgan. Auktsionda sotilayotgan mashina 21 TD model indeksiga ega bo‘lib, undagi 21 soni mashinaning futlardagi uzunligi (6,4 metr), TD "turbodizel" ekanligini anglatadi.

Mashinaning orqa o‘qi ortida 2,4 litrli 115 ot kuchiga ega 6 silindrli dvigatel joylashgan. Uzatmalar qutisi – 6 pog‘onali mexanik Renault. Bundan tashqari, motorxoum konstruksiyasida General Motors ishlab chiqargan furgondan olingan podveska detallari va Pontiac 1000 xetchbegidan olingan orqa fonarlarni uchratish mumkin.

Mashinaning barcha detallari to‘liq asl detallar hisoblanadi. Sotuvchi mashina 99 foizga birlamchi ko‘rinishda saqlanib qolganini aytgan, faqatgina BMW belgisigina o‘zgartirilgan. Mashinada deyarli 124 ming km yo‘l bosib o‘tilgan. Bundan tashqari, motorxoum bu sinfdagi mashinalar uchun juda kam yonilg‘i iste'mol qilishi bilan ajralib turadi: mashina 100 km ga bor-yo‘g‘i 9,4 litr yonilg‘i sarflaydi. Mashinaning umumiy holati 10 balldan 8,5 ballga baholangan.

Mashina egasi uni 33 ming dollardan kamroq sotmaslikka umid qilmoqda: e'londagi suratda bu qiymat mashinaning orqa oynasiga yopishtirib qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Savdolar 26 aprel kechki payt yakunlanishi ko‘rsatilgan.

Top