16:11 / 27.04.2016
1688

O‘n bir yil quvg‘inda yurgan qotil umrbod ozodlikdan mahrum etildi

Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan Ismoil Mahmudov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) birinchi bor sudning qora kursisiga o‘tirganida 19 yoshda edi. Ko‘p o‘tmay yana sudlandi. Amnistiya akti joniga oro kirib, 3 yildan so‘ng ozodlikka chiqdi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Qish oxirlab qolgan. Ammo kun sovuq edi. Ham vaqt o‘tkazish, ham biroz isinish maqsadida bir shisha aroqni jig‘ildoniga urgan Ismoil kun botguncha sandiroqladi. Kayfi tarqamagan bo‘lsa-da, sovuqdan junjikib, issiq joy axtarishga kirishdi. Duch kelgan eshikni taqillatdi. Bir uydan qari kampir chiqib, uning mastligini ko‘rgach, jahl aralash allanimalar, deya eshikni yopmoqchi edi, Ismoil qo‘ymadi. Kuch ishlatib, ichkariga kirdi. Kampir garchi 70 yoshni qoralab qo‘ygan bo‘lsa-da, ancha baquvvat ekan, uni itarib yuborib, uydan qochib chiqdi-da, o‘zini qo‘shnining uyiga urdi. Ismoil uning ortidan yugurdi.

Endi ur-to‘polon qo‘shninikida davom etdi. Bir mahal Ismoilning ko‘zi xonadon bekasining nima bo‘layotganini tushunmay, qo‘rquvdan dong qotib, ovozlari ham chiqmay qolgan farzandlariga tushdi-yu, atrofga alanglab, qo‘liga nima ilinsa, shu bilan qo‘l-oyoqlarini bog‘lashga kirishdi.

Keyin hammani yerga qarab yotishga buyurdi-da, to‘satdan vahshiylashib, avval kampirga ketma-ket pichoq sanchdi. So‘ngra xonadon bekasidan pul so‘radi. U puli yo‘qligini aytdi-yu, baloga qoldi. Endi pichoq uning badanini “siypalashga”tushdi. Uni “tinchitgach”, bekaning to‘ng‘ich, 14 yashar qiziga tajovuz qildi...

Ishni chala-yarim bitirib, uni qo‘shni xonaga chiqarib yubordi. Ikki nafar kichkintoyni esa murdalarning yoniga o‘tqizdi. Ko‘rpalarni yirtib, paxtasini ularning ustiga yoydi. So‘ng yoqib yubordi.

Shundan keyin uning uchun darbadarlik boshlandi. Birovlarning uyiga yollanib ishladi. Uy egasi bilan chiqishmay, boshqasinikiga joylashdi. Bittasining ko‘ngli unga ilib, rahmi keldi chog‘i, uzoq qarindoshining qiziga uylantirib qo‘ydi. Vaqt soati kelib, farzandli ham bo‘ldi. O‘n bir yil o‘tib, otasini ko‘rgani bordi va hamma gapni aytib berdi. Otasi esa aybni bo‘yniga olib, militsiyaga borishni maslahat berar ekan, bu bilan kifoyalanmay o‘zi o‘g‘lini boshlab, militsiya bo‘limiga kirib keldi.

Sud ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan, shuningdek, uch nafar voyaga yetmaganni nafaqat ona mehridan benasib qoldirgan, balki ularga bir umrga tatigulik ma'naviy jarohat yetkazgan qotilga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top