11:02 / 27.04.2016
3368

O‘zMU “dahocha”lari

Inson iqtidorini yuzaga chiqarish – buyuk marralarni egallash garovidir.
O‘zbekiston Milliy universitetida amalga oshirilayotgan yangilanish dasturida belgilangan asosiy vazifalardan biri – kelajakda butun dunyoni lol qoldirishi lozim bo‘lgan olim va kashfiyotchilarni talabalik davridan tarbiyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.

Shu yil 25 aprel kuni O‘zMUda o‘tkazilgan yig‘ilishda yil boshida e'lon qilingan turli tanlovlarga tayyorgarlik ko‘rish holati muhokama qilindi.

O‘zMU Axborot xizmatidan xabar berishlaricha, ayni paytda olib borilayotgan tizimli ishlar natijasida joriy yilda o‘tkazilgan xalqaro olimpiadalarda iqtidorli talabalarimiz matematika yo‘nalishida 2 ta oltin, kimyo fani yo‘nalishida 1 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdilar.

Yig‘ilishda universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov yaqinda tashkil etilgan “Yosh daholar maktabi” deya hazilomuz atalayotgan yosh olimlar jamiyatiga 50 dan ziyod iqtidorli talaba jamlanib, ularga fakultetlardagi turli ilmiy laboratoriyalarda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkoniyatlari yaratilayotganini, bunday umidli yoshlar safini yanada kengaytirish zarurligini alohida ta'kidladi. Ularni ilmiy tadqiqot ishlariga yo‘naltirish uchun e'lon qilingan “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” tanloviga tayyorgarlik masalasiga e'tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida e'lon qilingan ushbu tanlov g‘oliblarini quyidagi mukofotlar kutmoqda:

5 ta 1-o‘ringa – 1000000 (bir million) so‘mdan pul mukofoti va 1-darajali diplom;
10 ta 2-o‘ringa – 500000 (besh yuz ming) so‘mdan pul mukofoti va 2-darajali diplom;
20 ta 3-o‘ringa – 250000 (ikki yuz ellik ming) so‘mdan pul mukofoti va 3-darajali diplom.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng zo‘r g‘oyalar ustida ilmiy tadqiqot olib borish uchun O‘zMU granti ta'sis etilib, 10 million so‘mgacha mablag‘ ajratiladi!

Yig‘ilishda, shuningdek, ta'lim-tarbiya sifatini yanada oshirishga qaratilgan tanlovlar, xususan, “Eng yaxshi malakaviy bitiruv ishi”, “Eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi”, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi ingliz tili o‘qituvchisi” tanlovlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va boshqa nomdor stipendiyalar tanloviga talabalarning hozirlik ko‘rish jarayonlari jiddiy tahlil qilindi.

Top