15:21 / 28.04.2016
1497

KXDR mijozlar yo‘qligi sabab xorijdagi 20ga yaqin restoranini yopdi

Shu yilning mart oyi boshida KXDRga nisbatan yangi jazo choralari qo‘llanilgandan so‘ng, Shimoliy Koreyaning xorijiy davlatlardagi 20ga yaqin restorani mijozlar kirmay qo‘yganligi sabab yopilgan, deb yozmoqda "Tona ilbo" gazetasi Koreya respublikasi Milliy razvedka xizmati (MRX)ga tayangan holda.

MRX direktori Li Byon Xoning so‘zlariga ko‘ra, restoranlarning asosiy mijozlari janubiy koreyalik sayyohlar bo‘lgan.

Koreya Respublikasi hukumati esa, KXDR tomonidan yadro va raketa sinovlari o‘tkazilgach, o‘z fuqarolariga Shimoliy Koreya restoranlariga kirishni taqiqlagan edi.

Razvedka ma'lumotlariga ko‘ra, KXDR dunyoning 12 davlatida 120ga yaqin restoraniga ega. Ularda ishlab topilgan xalqaro valyuta mamlakat raketa-yadro dasturini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi, deb hisoblanadi.

MRX direktorining qayd etishicha, rasmiy Pxenyan atom bombasining navbatdagi 5 sinovini o‘tkazish uchun tayyorgarlikni yakunlagan va istalgan vaqtda sinovni o‘tkazishi mumkin.

Top