11:16 / 30.04.2016
2863

Xitoy 2036 yilgacha Oyga fazogirlarini yubormoqchi

Xitoy 2036 yilgacha Oyga fazogirlarini yubormoqchi, deb aytdi Xitoy armiyasi general-leytenanti, Xitoyning boshqariluvchi koinot dasturi qo‘mondoni o‘rinbosari Chjan Yuy Lin. Bu loyiha Xitoydagi birinchi geologik razvedka ishlari olib boriladigan oy dasturi bo‘ladi, deb xabar bermoqda China Daily nashri.

Xitoy "Oyni tadqiq qilish uchun keyingi 15-20 yil ichida o‘z imkoniyatlarini takomillashtirishi va qo‘llashi" zarur bo‘ladi, deb aytdi amaldor. Xitoy koinot texnologiyalari akademiyasi ilmiy xodimi Pan Chji Xaoning aytishicha, oy missiyasi uchun Xitoyda yer atrofidagi orbitaga kamida 100 tonna yukni olib chiqa oladigan qudratli raketani yaratish va qolgan texnologiyalarni takomillashtirish, jumladan yangi skafandr yaratish kerak bo‘ladi.

Bu loyiha Xitoy koinot dasturining ulkan rejalaridan biridir. 2017 yilda Oyga tuproq namunalarini yig‘ish uchun xitoy qurilmasi yuboriladi. 2018 yilda esa Xitoy Oyning qorong‘u tomoniga birinchi zondni qo‘ndirishni rejalashtirmoqda. 

Shuningdek, Xitoy 2020 yilda Marsga ham zond yubormoqchi, bu zond qizil sayyoraga 2021 yilda yetib boradi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy koinot dasturiga yiliga 2 mlrd dollarga yaqin mablag‘ sarflaydi.

Top