13:48 / 01.05.2016
3808

Toshkent viloyati hokimligida mahalliy vakillik organlari faoliyatini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan mintaqaviy seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, xalq deputatlari Sirdaryo, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri, ushbu hududlardagi tuman, shahar Kengashlari deputatlari, hokimliklar tashkiliy nazorat guruhlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. 

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi aholini huquqiy axborot bilan ta'minlashda yangi bosqichni boshlab bergani ta'kidlandi. Kontseptsiyaga muvofiq, qabul qilingan me'yoriy-huquqiy hujjatlar hukumat va ijro tuzilmalarining qonunlar ijrosi hamda ustuvorligini ta'minlashdagi mas'uliyatini yanada oshirdi. Milliy qonunchilik bazasining izchil takomillashtirilayotgani mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarini rivojlantirish, qonunlar ijrosini ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoyalashda muhim omil bo‘layotir. 

Tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatining sifat jihatdan ijobiy tomonga o‘zgarayotgani, joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni aniqlash va hal etishda mahalliy vakillik organlarining roli va ahamiyati ortayotgani qayd etildi. 

2014 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Byudjyet kodeksida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining byudjyet sohasidagi vakolatlari aniq belgilab berildi. Mazkur kodeksga muvofiq mahalliy Kengashlar mahalliy byudjyetlarni qabul qilish bilan birga, ularning tegishli davrdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni har chorakda ko‘rib chiqish vakolatiga ham ega bo‘ldi. 

2014 yil 16 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi qonunga muvofiq, Konstitutsiyamizning 103-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilib, viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etishi, ular bo‘yicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishi konstitutsiyaviy tarzda belgilab qo‘yildi. 

Seminarda mahalliy vakillik organlari faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari, jumladan, keyingi yillarda qonunchilikka kiritilgan yangi normalarni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi. Bu boradagi kamchiliklar tanqid qilindi. “Mahalliy vakillik organlari faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari va ularni amalga oshirish mexanizmlari: amaliyot, tajriba va istiqboldagi vazifalar”, “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga qo‘yiladigan talablar: amaliyot, muammolar va ularning yechimi”, “Mahalliy vakillik organlari va ommaviy axborot vositalarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirishning dolzarb masalalari” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi. 

– Mahalliy vakillik organlari faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari, jumladan, keyingi yillarda qonunchilikka kiritilgan yangi normalarni amalga oshirish mexanizmlarini izchil tatbiq etib borish muhim masaladir, – deydi Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari T.Madumarov. – Tahlillarga ko‘ra, mahalliy Kengashlarda qonuniy vakolat va imkoniyatlardan yetarli darajada foydalanilmayapti. Jumladan, mahalliy Kengashlar sessiyalarida muhokama etilishi ko‘zda tutilgan masalalarni o‘z vaqtida mukammal tarzda tayyorlashga e'tibor qaratilmayapti. Seminarda shu va boshqa masalalar bo‘yicha ishtirokchilarning fikr-mulohazalari o‘rganildi, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab olindi. 

I.Avvalboyev, O‘zA    

Top