15:08 / 02.05.2016
3215

OAV: Merkel Yaponiyaga NATO a'zosi bo‘lishni taklif qilgan

Germaniya kansleri Angela Merkel 2015 yilning martida Tokioga tashrifi chog‘ida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abega Yaponiyaning NATO a'zosi bo‘lishi bo‘yicha taklifini bildirgan. Bu haqda Yomiuri gazetasining ingliz tilidagi The Japan News nashri xabar berdi. 

Nashrda yozilishicha, Merkel: “Sindzo, nega Yaponiya NATOga qo‘shilmasligi kerak? Men britaniyaliklar bosh vaziri Kemeronni va fransiyaliklar prezidenti Ollandni ko‘ndira olaman”, - degan. 

Kantslerning taklifi amaliyoti ehtimoldan uzoq bo‘lsa ham, Abe xushmuomalalik yuzasidan va qiziqishini ko‘rsatish uchun “bu balki kelajakda amalga oshishi” mumkinligi haqida gapirgan.

Yaponiya bosh vaziri “agar biz hozir (NATOga) a'zo bo‘lsak, Rossiya bilan muzokaralarimiz uzilib qoladi”, - deb qo‘shimcha qilgan.

Nashrning alohida urg‘u berishi bo‘yicha, Rossiya anchadan buyon Yevropada NATO doirasida harbiylar sonining oshishiga salbiy munosabat bildirib keladi. Agar Abe Yaponiyaning ittifoqqa qo‘shilish istagini oshkora e'lon qilganda, "Rossiya bilan bahsli munozaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bo‘lardi". 

Yaponiya Shimoliy Atlantika ittifoqi tarkibiga kirmaydi. Biroq Afg‘oniston, Avstraliya va boshqa mamlakatlar qatori NATO bilan “Global hamkorlik” dasturiga a'zo hisoblanadi.

Top