18:55 / 02.05.2016
13544

O‘zbekistonda lazer nurlari bilan samolyot uchuvchilarining ko‘zini qamashtirganlarga javobgarlik kuchaytirildi

2016 yil 26 aprelidan Respublika ma'muriy va jinoyat kodekslariga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritildi. Unga ko‘ra, lazer bilan sodir etilgan bezorilik uchun jazo choralari kuchaytirildi. U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 30 mart kuni qabul qilingan, 31 mart kuni Senat tomonidan tasdiqlangan. 

Yangi tuzatishlarga binoan, Ma'muriy javobgarlik kodeksi 116-1 "Havo kemasidan foydalanishga lazer nuri bilan to‘sqinlik qilish" bandi bilan to‘ldirildi. Ushbu jinoyat sodir etilgani isbotlangan taqdirda, ayblanuvchi eng oylik ish haqining 100 dan 200 baravarigacha jarimaga tortilishi yoki 15 sutkaga ma'muriy hibsga olinishi hamda uning lazer nuri qurilmasi musodara qilinishi mumkin. Mazkur jinoyatni voyaga yetmagan shaxs amalga oshirgan taqdirda ma'muriy jazo qo‘llaniladi. 

Ma'muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng, takroriy ushbu jinoyat sodir etilishi yoxud birinchi martasida o‘rta yoki og‘ir oqibatlarga olib kelishi jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘ladi. Jinoyat kodeksining yangi 263-1 bandiga muvofiq, bu kabi jinoyat uchun 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 oygacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. 

Mabodo bu harakat tufayli inson umriga zomin bo‘linsa, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha qamoq jazosi bilan jazolanadi. Lazer nuri bilan uchuvchi ko‘zi qamashtirilsa va buning oqibatida insonlar qurbon bo‘lsa, yirik fojyea va boshqa og‘ir asoratlarga olib kelsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga olib keladi.

Top