18:38 / 03.05.2016
4419

Fransiya: YeI va AQSh o‘rtasidagi savdo muzokaralari barbod bo‘lishi mumkin

Fransiya tashqi savdo departamenti davlat kotibi Mattias Feklning Europe 1 radiosiga bergan intervyusida bergan bayonotiga ko‘ra, YeI va AQSh o‘rtasida Transatlantika erkin savdo hududi barpo etish bo‘yicha muzokaralar barbod bo‘lish yoqasida turibdi.

Uning so‘zlariga binoan, «AQSh o‘z qarashini qattiq himoya qilayotgani sabab shunday bo‘lishi ehtimol». 

Feklning izoh berishicha, muzokaralarda Yevropa va Amerika bir xil maqomda emas. «Yevropa ko‘p taklif va yon berayotganiga munosib javob olayotganiga yo‘q. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deb qayd etgan Fekl. U shuningdek, «Parij muzokaralarni to‘xtatishni talab qilayotgan»ini bildirgan.

Ayni ko‘rinishdagi hujjatni Fransiya qabul qila olmasligini aytgan bosh kotib, «rasmiy Vashington bilan umumiy til topish uchun» Parij hukumati shartlarini ma'lum qilgan. 

«Fransiya kichik va o‘rta biznesi vakillari ham Amerika bozoriga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Bundan tashqari, mahalliy qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqaruvchilarimizni himoya qilishni xohlaymiz», — deb qayd etgan Mattias Fekl.

2 may kuni Greenpeace ekologik tashkiloti nemis matbuoti vositasida AQSh-YeI o‘rtasida savdo va investitsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Transatlantik kelishuvi (TTIP)ga oid muzokaralar bilan bog‘liq maxfiy hujjatlarni oshkor qilgan edi. 

Mazkur hujjatlarga muvofiq, AQSh ma'muriyati agar YeI Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importiga joriy etgan tariflarini yumshatmasa, Yevropa avtomobillarining eksportini sezilarli murakkablashtirish bilan tahdid qilgan. Bundan tashqari, rasmiy Vashington YeIning irsiy o‘zgartirilgan oziq-ovqatlarga bo‘lgan taqiqni bekor qilishga erishish niyatida.

Top