12:29 / 03.05.2016
10590

Marsda qaynayotgan suv topildi

Nant universiteti fiziklarining Nature Geoscience jurnalida e'lon qilingan yangi tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, Mars sayyorasi yuzasining relefida qayd etilgan o‘zgarishlar atmosferaning past bosimida qaynayotgan suyuq suv oqimlari tufayli vujudga kelayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday oqimlar bahor mavsumidagi muzliklar erishi vaqtida paydo bo‘ladi. 

Havoning past bosimida suv suyuq holatda ko‘p muddat saqlanib turolmaydi, u muzga aylanishi mumkin yoki parlanib ketadi. Shu boisdan ham, suyuq holatdagi suv Marsda juda noyob hodisadir. Biroq, tadqiqotchilarning taxmin qilishlaricha, yoz mavsumida Mars tepaliklarida paydo bo‘luvchi g‘aroyib chiziqlar aynan suyuq suv sababli paydo bo‘ladi.

Ammo, olimlar birgina savolga javob topa olishganicha yo‘q: davriy sho‘r suv oqimlari qanday qilib sayyora landshafti geologiyasini o‘zgartirib yubormoqda? 

Tadqiqotchilar Mars sharoitlariga yaqinlashtirilgan maxsus xonada bir nechta  laboratoriya tajribalari o‘tkazishgan. Olimlar eriyotgan suvning sochilib yotgan qum kengliklarida qanday harakat qilishini kuzatishgan. Fiziklar, tepalik cho‘qqisiga muz parchasini qo‘yib, uning erishi vaqtida Yer va Mars sharoitlarida nimalar sodir bo‘lishini o‘rganishgan. 

Suv Yer atmosferasida tepalik yuzasini biroz o‘zgartira olgan, xolos. Ammo, Marsning past bosimli havo sharoitida suv oqimi qum oraliqlariga singib, bug‘lanishi natijasida qum donalarini ko‘targan va shu bilan tepalik yonbag‘irlari shaklini o‘zgartirib yuborgan. Bu jarayon Marsda kuzatiladigan holatlarni yodga soladi. Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, Qizil sayyorada aslida ham shu kabi hodisa ro‘y beradi. 

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda NASA va Jorjiya Texnologiya instituti olimlari hamkorlikda Marsda suyuq suv borligini aniqlashgan edi. Sayyora yuzasida spektral tadqiqot o‘tkazilishi natijasida Mars yuzasida qora dog‘lar paydo bo‘lishiga xlor kislotasi bilan to‘yingan suv sabab ekani aytilgan edi.

Top