11:06 / 03.05.2016
3447

Obama: Jahon savdo qoidalarini AQSh va hamkorlari ishlab chiqishi kerak

Amerika prezidenti Barak Obama The Washington Post gazetasida e'lon qilgan maqolasida Transtinch okeani ahamiyati xususida fikr yuritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh yanada taraqqiy etishi uchun yangi bozorlarga muhtojdir, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi esa ayni shunday istiqbolli bozorlardan biri hisoblanadi. Xitoy ham ayni shu jihatdan mintaqada ustunlikka ega bo‘lish niyatida. 

Obamaning qayd etishicha, rasmiy Pekin atrofida tashkil etilayotgan mintaqaviy hamkorlik AQSh fuqarolari uchun salbiy jihatlarga ega. Xususan, davlat korxonalari bilan vijdonan raqobat qilinmaydi, internet erkinligi ta'minlanmaydi hamda amerikalik san'at namoyondalarining mualliflik xuquqlariga rioya etilmaydi. Bundan tashqari, Xitoy savdo kelishuvlari Amerika ishchilari va atrof-muhit uchun yuqori me'yorlarni ta'minlamaydi. 

O‘z navbatida, Obamaning ta'kidlashicha, Vashington tomonidan tashkil etilayotgan va jahon yalpi ichki mahsulotining 40 foizini ishlab chiqaruvchi 12 davlatni o‘z ichiga olgan savdo-sanoat kelishuvida bu kabi salbiy jihatlar bo‘lmaydi. Mabodo Osiyo-Tinch okeani hamkorligini tashkil etishda muammolarga duch kelingan taqdirda, mintaqa mamlakatlari AQSh ishtirokisiz ham o‘z integratsiyalarini davom ettirishi mumkin bo‘ladi. 

Obamaning aytishicha, u savdo kelishuvlari atrofidagi salbiy qarashlarni to‘g‘ri tushunadi, ammo «global iqtisodiyotdan o‘zini ajratib qo‘yish uchun sun'iy devorlar barpo etish  mamlakatni ulkan imkoniyatlardan mahrum etadi».

«Buning o‘rniga Amerika qoidalarni ishlab chiqib, qarorlar qabul qilishi darkor. Boshqa mamlakatlar esa, Amerika va hamkorlarimiz o‘rnatadigan qoidalarga amal qilishlari lozim. Aksincha bo‘lishi mumkin emas», — degan prezident Obama.

2016 yil fevral oyi boshlarida 12 mamlakat savdo vazirlari Yangi Zelandiyaning Oklend shahrida Transtinch okeani hamkorligini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolashgan edi. Ayni vaqtda, kelishuvni barcha mamlakatlar parlamentlari ratifikatsiya qilishi kutilmoqda.

Top