12:00 / 04.05.2016
3850

OAV: Janubiy Koreya Eron infratuzilmasiga 25 mlrd dollar sarmoya kiritishga tayyor

Financial Tribune gazetasining ma'lum qilishicha, Janubiy Koreya respublikasi Eronga eksportni kreditlash maqsadida 5 mlrd dollar ajratgan. 

Nashrning qayd etishicha, rasmiy Seul qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishda o‘z tashkilotlarining Eronga eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun 5 mlrd dollar davlat krediti taqdim etishga rozilik bildirgan. Eron eksport kafolatlari jamg‘armasi va Koreya savdoni sug‘urtalash korporatsiyasi o‘rtasida imzolangan bitim ham ayni rejaga xizmat qiladi.

"Fors" agentligining xabar qilishicha, 3 may kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan biznes-forumida ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida 13 ta o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Ularda, xususan har biri 500 MVtlik 3ta elektrstansiya barpo etish, Janubiy Fors yirik gaz konining 12 bloki ikkinchi navbatini qurish, Axvaz-Isfahon temiryo‘lini qurib foydalanishga topshirish loyihalari mavjud. 

Ushbu hujjatlar Koreya Respublikasi prezidenti Pak Kin Xening Eron poytaxtiga uyushtirgan 3 kunlik rasmiy tashrifi doirasida imzolangan. Janubiy Koreya yetakchisi Tehronda bo‘lib turgan vaqtda rasmiy Seul Eron infratuzilmalarini rivojlantirish loyihalariga 25 mlrd dollar miqdorida sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Pak Kin Xening Tehran Times gazetasiga bergan intervyusida aytishicha, "bu Koreya Respublikasi shu paytgacha xorijiy davlatga taklif qilgan eng yirik sarmoya miqdoridir".

2 may kuni Eron davlat rahbari Xasan Ruhoniy janubiy koreyalik hamkasbi Pak Kin Xe bilan birga Tehron muzokaralariga bag‘ishlangan matbuot brifingida, tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalari hajmini 3 baravarga oshira olishi haqida fikr bildirgan edi. Hozirda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar hajmi 6 mlrd dollarga baholanadi. Eron va Janubiy Koreya o‘rtasida hukumatlar va ma'muriyatlararo turli sohalarda aloqalarni rivojlantirishga oid 20ta memorandum imzolangan. 

Tomonlar neft va gaz qazib olishda hamkorlik qilishga kelishib olishgan. Bundan tashqari, Eron suv zahiralari loyihalari, elektrenergetikasi ishlab chiqarish va yangi energiya manbalari sohalari, huquqiy, banklararo va bojxona tizimlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olingan. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalar hamda Eron portlari infratuzilmalarini rivojlantirish borasida bitimga erishilgan. Fan va oliy ta'lim, ilmiy-madaniy almashinuvlar, sog‘liqni saqlash hamda tibbiyot xodimlarini tayyorlash borasida memorandumlar imzolangan.

Top