10:53 / 05.05.2016
3649

Andijon viloyat BO‘FMda sovrindor futbolchilar sharaflandi

Dunyoda ota-onalar uchun o‘z farzandi erishgan yutuqlarini ko‘rishdan ko‘ra quvonchli daqiqalar bo‘lmasa kerak.

Kecha Andijon bolalar va o‘smirlar futbol maktabida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ana shunday onlar guvohi bo‘ldik.

Muassasaning ikki jamoasi Bekobod va Shahrixonda o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirok etib faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Murabbiy Hayotbek Sariyev boshchiligidagi 2003-2004 yilda tug‘ilgan bolalar jamoasi Bekobod shahrida o‘tkazilgan Respublika ochiq turnirida, To‘lqinbek Kamolov hamda Sanjarbek Xoldorov qo‘l ostida shug‘ullanayotgan 2005-2006 yilda tavallud topgan tarbiyalanuvchilardan tashkil topgan jamoa esa Shahrixonda “Yoshlar giyohvandlik va terrorizmga qarshi” shiori ostida o‘tkazilgan turnirda faxrli o‘rinlarni egallab qaytdi.

Futbol maktabida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ishtirok etgan viloyat sporti sohasi mutasaddilari, murabbiylar hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari ishtirok etdilar.

Sovrindor jamoalarga viloyat “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamg‘armasi, “Andijon” professional futbol klubi tomonidan diplom va estalik sovg‘alar topshirildi. Tadbirda so‘z olgan ota-onalar mamlakatimizda yoshlarni o‘zlari qiziqqan barcha sohalarda shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanligi to‘g‘risida gapirib, murabbiy va o‘quvchilarga omadlar tiladilar.

-Tarbiyalanuvchilarimiz tomonidan erishilgan muvaffaqiyatlarni mana shunday tarzda rag‘batlantirib borilishi ularning kelajakdagi yutuqlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi,-deydi futbol maktabi direktori Bekzodbek Karimov. Tajribali murabbiylarimiz ish olib borayotgan har ikki jamoa safida kelajakda turli terma jamoalar safida to‘p surib mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladigan mahoratli futbolchilar yetishib chiqadi, deb umid qilamiz.

 

Elmurod ERMATOV, Andijon

Top