08:33 / 05.05.2016
2858

Hindistondagi yo‘l-transport hodisasida 13 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning Chxattisgarx shahrida avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Avtobus kichik ko‘prikdan tushib ketishi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, 53 kishi jarohat oldi.

India Today gazetasining yozishicha, avtobus Garxva shahridan Raypurga ketayotgan bo‘lgan. Mahalliy vaqt bilan soat 22.30 larda haydovchi mototsiklchi bilan to‘qnashuvdan qochmoqchi bo‘lib, avtobus boshqaruvini yo‘qotgan hamda ko‘prikdan qurib qolgan daryoga ag‘darilib, bir necha marta to‘ntarilib ketgan.

"Bizda hozir 13 kishi halok bo‘lgani haqida ma'lumot bor, 16 og‘ir jarohat olganlar Ambikapur tumani shifoxonasiga yuborildi. Qolgan 37 nafar jarohatlanganlar Balrampurdagi mahalliy shifoxonada davolash uchun qabul qilingan", deb aytdi politsiya vakili Sadanand Kumar.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, Hindiston yo‘llarida har yili 200 mingdan ko‘proq odam halok bo‘ladi.

Top