18:37 / 06.05.2016
3646

Yanukovichning vertolyoti kimoshdi savdosiga qo‘yildi

Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich "Mejigore" qarorgohidan Kiyev markazidagi ish joyiga uchib kelishda foydalangan Agusta AW139 rusumli vertolyot savdoga qo‘yilganini xalqaro aviabrokerlar saytlarida e'lon qilingan ma'lumotlar tasdiqlamoqda.

Uni sotish bilan Shveytsariyada ro‘yxatdan o‘tgan Sparfell & Partners hamda Amerikaning SkyQuest International firmalari shug‘ullanmoqda. Hozircha uchar texnikaning narxi e'lon qilinmagan. 

Sparfell & Partners firmasi saytida vertolyotga oid barcha texnik tavsiflar to‘liq keltirilgan. Xususan, interer tavsifiga ko‘ra, salon 6 kishiga mo‘ljallangan, ikkita charm o‘rindig‘i VVIP (very very important person, «juda juda muhim shaxs») to‘plamida jihozlangan, unda sensor ekranli ko‘ngilochar markazi mavjud, CD, DVD, sun'iy yo‘ldosh radiosi, sakkizta ovozkuchaytirgich, 2ta 15-dyuymli monitor va shaxsiy buyurtma asosida ishlab chiqilgan dam olish burchagi. Ikkita iqlim nazorati hududi, sun'iy yo‘ldosh telefoni ham e'tibordan chetda qolmagan. Shu bilan birga, salon shovqinni o‘tkazmaslikni hisobga olgan holda tayyorlangan. 
VIP to‘plamli Agusta AW139 vertolyoti 2008 yili ishlab chiqilgan. 2010 yildan Ukrainaning «Tsentravia» MChJ ro‘yxatida turgan. U, o‘z navbatida, Men orolida ro‘yxatdan o‘tgan Aero Holdings kompaniyasining sho‘'ba korxonasi hisoblanadi. 

2014 yil iyul oylarida UR-CRB bort raqamli vertolyot Ukraina ro‘yxatidan chiqarilib, Men orolida M-OLJM raqami ostida ro‘yxatga qo‘yilib, orolning 2014 yil apreli boshida tashkil etilgan yana bir firmasi Boutique Aviation Limited ixtiyoriga berilgan. Boutique Aviation va Aero Holdings manzili bir xil ekani uning ikkisini ham Wilton (IOM) Ltd kompaniyasi boshqarishini anglatadi.

2014 yil iyul oyida Ukraina davlat ishlari boshqarmasi rahbari Sergey Berezenko sobiq davlat rahbari Yanukovich foydalangan Augusta vertolyotining yo‘qolgani haqida ma'lum qilgan edi. 

«Yanukovich yo‘qolgach, vertolyot ham g‘oyib bo‘ldi», — deya Berezenko so‘zlarini keltirgan edi «112 Ukraina» telekanali. 

Yanukovich Ukraina prezidenti bo‘lgan vaqtlarda, prezident ishlari boshqarmasi vertolyotni «Tsentravia»dan yiliga 7,5 mln griven (915 ming AQSh dollari) hisobiga ijaraga olgan.

Top