19:38 / 06.05.2016
15658

Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi

Toshkentda 1999-2000 yillarda tug‘ilgan yigit-qizlar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan chempionatning yadro, nayza, disk va bosqon uloqtirish bahslarida Shahzod Mardonov, Nargiza Qo‘chqorova, Akim Dementev, Gulsanam Halimova, G‘olib Abduqahhorov, Munisa Rejyepova va Obid O‘rishev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Uch xatlab, balandlikka va uzunlikka sakrashda Abbos Egamqulov, Baxtiyor Nurmatov, Alina Yablokova, Natalya Gasanova oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Musobaqaning 100, 200, 400 va 1500 metr masofalarga yugurish bahslarida Laziz Habibov, Sardor Turg‘unov, Davlatbek Xalilov, Humoyun Mahmudov, Violetta Ivanina, Umida Turg‘unboyeva, Maryam Tojiboyeva marraga birinchi bo‘lib keldi. To‘siqlar osha 110 va 400 metrga yugurishda Davlatbek Xalilov, Aleksandr Stepanov, Muqaddam Zaripboyeva va Sabina Umarova barcha raqibini yengdi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida 4x100 metrga estafeta yugurishda Farg‘ona viloyati, qizlar o‘rtasida Toshkent shahri jamoalari g‘olib bo‘ldi.

O‘nkurashda Asilbek To‘raqulov 4719 ochko, yettikurash bahslarida Alina Yablokova 3727 ochko to‘plab, O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi.

10000 va 5000 metrga sportcha yurishda Suhrob Maxatov va Gulandom Abduxoliqova g‘alaba qozondi.

Top