16:25 / 06.05.2016
6876

O‘zLiDeP tomonidan krossfit bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi

O‘zLiDeP Chilonzor tuman Kengashi hamda “New Realtor” MChJda faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich partiya tashkiloti tomonidan Yakkasaroy tumanida 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan gimnastika, og‘ir va yengil atletika elementlarini o‘zida jamlagan zamonaviy sport turi bo‘lmish krossfit bo‘yicha musobaqa tashkil etildi. 

Mazkur tadbir jismonan va ma'nan sog‘lom, hech kimdan kam bo‘lmagan, o‘ziga ishongan barkamol yosh avlodni, Vatan taqdiri uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga oladigan, kelajagi buyuk davlatni barpo etishga qodir bo‘lgan yoshlarni tarbiyalashga ko‘maklashish hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, mamlakatimizda barcha sport turlari qatorida krosfit turini ham ommalashtirish maqsadida tashkil etilib, musobaqada ko‘plab yoshlar katta qiziqish va shijoat bilan ishtirok etishdi.

— O‘zLiDeP yangi g‘oyalar va yangi tashabbuslarni qo‘lla-quvvatlovchi partiya sifatida aholi o‘rtasida ommalashib bormoqda. Buni yangi sport turi sifatida ommalashib borayotgan krossfit bo‘yicha tashkil etilgan musobaqa misolida ham ko‘rish mumkin, - deydi O‘zLiDeP Chilonzor tuman Kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Muxsinov. — 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishi mumkin bo‘lgan mazkur musobaqada kuch, chidamlilik, tezlik, aniqlik va egiluvchanlikni talab qilinadi. Bir nechta sport mashqlarini o‘zida mujassam etgan bugungi bellashuvda yoshlarimiz juda katta g‘ayrat bilan ishtirok etishdi. Ulardagi shijoat, matonat shundan dalolat beradiki, ajdodlardan me'ros qolgan mardlik, jasorat, halollik kabi hislatlar milliy qadriyat sifatida ta'lim-tarbiya jarayonlarida yoshlarimizning ong va qalbiga chuqur singdirib borilmoqda.

Uch bosqichda o‘tkazilgan mazkur musobaqa alohida sport bayrami sifatida qarshi olindi. Ishtirokchilar har turda 5 ta bir-biridan qiziqarli bo‘lgan atlet mashqlarini zo‘r ishtiyoq bilan bajarib, o‘zaro bellashishdi.

Bugungi tadbir menda o‘zgacha taasurot uyg‘otdi, - deydi musobaqa g‘olibi Kamil Burxanov. —Yoshlarni birdamlikka, ahillikka chorlovchi mazkur musobaqaning tosh ko‘tarish, arqon tortish kabi mashqlari o‘z imkoniyatlarimni yanada yaxshiroq namoyon qilish imkonini berdi. Natijada hakamlar hay'ati tomonidan yuksak baholandim va 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Ko‘p sonli yoshlarning vakili sifatida shuni aytmoqchimanki, partiyamiz tomonidan mana shunday tadbirlar, musobaqalar keng ko‘lamda, tez-tez o‘tkazib turilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki, bunday bellashuvlar biz yoshlarni yanada sog‘lom, barkamol bo‘lib voyaga yetishimizga hamda jamiyatda mustahkam o‘rin egallab, yurtimiz tinchligi va ravnaqiga munosib hissa qo‘shishimizga xizmat qiladi.
Yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik, o‘z xalqi, yurti bilan faxrlanish tuyg‘ularini kamol toptirish, ularning bugungi kunga va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash O‘zLiDeP oldida turgan muhim vazifalardan biri sanaladi. Zero, kelajagi buyuk davlatimizni, kuchli fuqarolik jamiyatini aynan ana shu – har tamonlama barkamol rivojlangan, intellekutal salohiyati yuksak, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va zamonaviy demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yoshlar barpo etadi.

Tadbir so‘nggida faol ishtirok etgan qatnashchilar paryatining qimmatbaho esdalik sovg‘alari va diplomi bilan taqdirlandi. Ko‘pchilik yoshlarning taklifini inobatga olgan holda mazkur musobaqani har yili respublikamizning barcha hududlarida keng ko‘lamda o‘tkazishga kelishib olindi.
O’zLiDeP Matbuot xizmati.

Top