10:27 / 06.05.2016
6602

Siyosatshunos: Ukraina xalqaro terrorchilar uchun bazaga aylandi

IShID terrorchilik guruhi jangarilari Ukrainada o‘z faoliyatini kengaytirmoqda. Shu kunlarda Xarkovda liviyalik muhojir qo‘lga olinganida, uning yonidan granata va mazkur guruh adabiyoti topilgan. Shunga qaramay, unga nisbatan terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullanish emas, noqonuniy qurol saqlash aybi qo‘yilgan xolos. 

Siyosatshunos Vladimir Kireyevning fikricha, Ukraina xalqaro terroristik tashkilotlar uchun qulay joyga aylanib ulgurgan. "Buning esa, ikkita sababi bor", - deydi siyosatshunos. 

"Birinchidan, rasmiy Kiyev va terrorchilarning "rahbarlari" ayni kishilardir. Ular taktik muammolarini hal qilish uchun "o‘z" hududlaridan foydalanmoqda. Ya'ni, jangarilar va siyosiy boshqaruvchilarni bir joydan boshqa joyga safarbar etishmoqda. Ikkinchidan, Ukraina va radikal jangarilar yagona dushmani Rossiyaga qarshi birlashishga majbur bo‘lmoqda. Ukrain radikallarining fikricha, ular bevosita Rossiyaga qarshi urush olib borishmoqda. Rossiya qurolli kuchlarining Suriyadagi harbiy amaliyotlaridan so‘ng, IShID, "Jabhat an-Nusra" kabi guruhlar ham Rossiyani o‘z dushmanlari deb hisoblay boshladi", – degan Vladimir Kireyev Sputnik radiosiga bergan intervyusida.

Siyosatshunosning aytishicha, ushbu ikki asosiy sabablardan tashqari, yana boshqalari ham yo‘q emas. Xususan, Ukraina terroristik tuzilmalar va jangarilarining qonuniylashishi uchun qulay muhitga ega. 

"Ukraina nimasi bilan ularning e'tiboriga tushmoqda, degan haqli savol tug‘iladi. Bu yerda yangi qonuniy hujjat olish oson.  Ayniqsa, 2014-15 yillarda soxta pasportga ega bo‘lish qiyinchilik tug‘dirmas edi. Hozir ham, yaxshigina haq  evaziga Ukraina fuqaroligini olish va keyinchalik ukrain fuqarosi sifatida Yevropaga ham, Rossiyaga ham borish mumkin bo‘ladi", – deb fikr yuritgan Kireyev.

"Shuningdek, 2014 yildan beri u yerda "Qrim", Shayx Mansur va Joxar Dudayev nomidagi jangarilar batalonlari mavjud. Bulardan tashqari, "Hizb ut-Tahrir", "Musulmon birodarlar" kabi tashkilotlar, avvallari soxta tashkilot nomi ostida Qrimda faoliyat yuritgan, ammo yarimorol Rossiya tarkibiga kirgach, Ukraina hududiga o‘tib olgan va Xerson viloyatida o‘z hududini barpo etgan", – deb yodga olgan Vladimir Kireyev.

Top