12:30 / 06.05.2016
3110

WSJ: General Motors va Lyft haydovchisiz elektrotaksi ustida ishlamoqda

Amerikaning General Motors kompaniyasi va Lyft taksiga onlayn buyurtma berish xizmati bir yil mobaynida AQSh yo‘llarida haydovchisiz elektromobillarni sinovdan o‘tkazmoqchi. Gap Tesla Motors va Google kompaniyalarining shunday loyihalari cho‘qqiga chiqqan vaqtdagi taksi xizmatining yangi namunasi haqida bormoqda, deb aniqlik kiritgan Wall Street Journal gazetasi.

Bir necha oylar muqaddam, General Motors kompaniyasi Lyft’ga 500 mln. dollar sarmoya kiritgan hamda San-Frantsisko (Kaliforniya shtati)da joylashgan Cruise Automation kompaniyasini 1 mlrd. dollar evaziga xarid qilmoqchi bo‘lgan edi. So‘nggi firma, 2 yildan beri haydovchisiz elektrokar texnologiyalari ustida izlanishlar olib boradi. GM ayni shu texnologiyalarni o‘z ishlab chiqarishiga jalb etishni ko‘zlamoqda. 

"Biz Cruise va GM bilan birgalikda o‘ziyurar avtomobil texnologiyasini ishlab chiqib, keyinchalik bozorga chiqarishni xohlayapmiz. Shaharliklar ham bizning maqsadlarimizni to‘g‘ri tushunishlarini istaymiz", - deb Lyft savdolar bo‘yicha direktori Taggart Mettisen so‘zlarini keltiradi gazeta.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha sinovlar o‘tadigan shahar tanlanmagan. Ammo taksomotor xizmati mijozlariga Chevrolet Bolt’ning haydovchi yoki haydovchisiz namunasi taklif etilishi aniq. 

Bundan avval, Google vakillari kompaniya o‘z elektromobilini ishlab chiqayotganini ma'lum qilgan edi. Ularning aytishicha, 2017 yilgacha tayyor bo‘ladigan transport vositasi kompyuter yordamida haydovchisiz boshqariladi. 

Electrek internet nashri ham Tesla Motors’ning sobiq vitse-prezidenti Kris Porritt Apple korporatsiyasiga ishga o‘tganini ma'lum qilgan edi. U "Titan" nomli elektromobil ishlab chiqarish loyihasini boshqaradi. 

Wall Street Journal ma'lumotlariga ko‘ra, Apple rahbari Tim Kuk "Titan"ni 2019 yilda namoyish etishni rejalashtirgan. Ammo bu vaqtga kelib Apple ushbu mashinaning barcha sinov jarayonlaridan o‘tgan tayyor ko‘rinishi emas, balki prototipini ishlab chiqishga ulgursa kerak, deb xulosa qiladi nashr.

Top