19:29 / 10.05.2016
7883

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal'a tumanida fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining joriy yil 5 martdagi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar, mahalla va ovullarida ham fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi yuksak saviyada o‘tkazilmoqda.

Saylovga puxta taraddud ko‘rilgan. Saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi shahar va tuman komissiyalari, har bir yig‘inda tashkil etilgan ishchi guruhlari targ‘ibot ishlari olib bordi. Fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari lavozimiga obroʻ-eʼtiborli, faol va tashabbuskor nomzodlar ko‘rsatildi.

Ellikqal'a tumanida 13 ovul, 16 mahalla va 1 shaharcha fuqarolar yig‘ini faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning raislari lavozimiga 90 nomzod ko‘rsatildi. Vakillar yig‘ilishlarida ishtirok etish uchun 1 ming 834 fuqaroning ro‘yxati shakllantirildi.

"Ellikqal'a" ovul fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilarini saylashga bag‘ishlangan vakillar yig‘ilishida 72 kishi ovoz berishda ishtirok etdi. Fuqarolar yig‘ini raisligiga ko‘rsatilgan nomzodlar ovulda obodonlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta'minlash, hududda sog‘lom ma'naviy-axloqiy muhit barqarorligi va aholi salomatligini mustahkamlash, yosh oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida o‘z dasturlarini bayon qildi.

Shavkat Xolmuratov "Ellikqal'a" ovul fuqarolar yig‘ini raisligiga qayta saylandi. Rais maslahatchilari lavozimiga ko‘rsatilgan 18 nomzod orasidan 9 nafari ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylandi.

Top