14:04 / 10.05.2016
6507

O‘zbekistonda 583ta yangi korxona 2016 yilning I-kvartalida 270 million dollarlik mahsulot eksport qildi

2016 yil boshidan buyon O‘zbekiston eksport faoliyatiga 583ta yangi korxona jalb etildi. Ular 270 million dollardan ortiq mablag‘da eksportni amalga oshirdi, eksportga 95ta yangi mahsulot turlari taqdim etildi, 20ta yangi bozor nuqtalariga eksport mahsulotlar yetkazib berildi. 

Moliya vazirligining O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, 2016 yil birinchi kvartalda o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda meva va sabzavot mahsulotlari (1,2 barobar), qora metall prokati (1,9 barobar), molibden mahsulotlari (11 barobar), mis qotishmalari (1,8 barobar), ammoniy sulfati (1,7 barobar), suprefos (2,6 barobar), polietilen (31 barobar) eksport hajmi oshgan.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 1-chorak yakuni bo‘yicha, o‘tgan yil ayni payt bilan taqqoslaganda, mahsulotlar eksporti hamda xizmatlar hajmi 100,1 foizni tashkil etdi.

Yil boshidan buyon o‘z mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqishda kichik biznes sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish byurosi tomonidan 398ta korxonaga maslahat xizmatlari ko‘rsatildi, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatsiya, akkreditatsiya, mahsulot eksporti hamda xalqaro va davlat talablarini kiritish sohasida 29ta xalqaro kelishuv imzolandi. 

Kichik biznes sub'yektlari hamda xususiy tadbirkorlarni eksport masalasida qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 250ta sub'yektlarga 250 million dollardan ortiq miqdordagi mahsulotlari eksportini tashkillashtirishga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

“O‘ztadbirkoreksport” tashqi savdo kompaniyasi orqali kichik biznes sub'yektlari va xususiy tadbirkorlar 150 million dollardan ortiq miqdorda mahsulot eksportini amalga oshirdi.

Top