09:00 / 10.05.2016
6314

O‘zMUda “Murabbiylar tanlovi” o‘tkazilmoqda

Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak!

Bu hikmatli kalomlar har bir tarbiyachi-pedagogning doimiy shioriga aylanmog‘i lozim.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ta'lim bilan bir qatorda tarbiyaviy ishlarni ham takomillashtirish borasida qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, universitet murabbiylari o‘rtasida “Eng yaxshi murabbiy” ko‘rik-tanlovi ham xuddi shu maqsadda o‘tkazilmoqda.

– Talaba yoshlarni yetuk ma'naviyatli va ma'rifatli, o‘z kasbining mohir mutaxassislari etib tarbiyalashda o‘quv guruhlarida ish olib boruvchi murabbiylarning o‘rni beqiyosdir, – deydi O‘zMU Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov.– Ta'lim va tarbiya ishlarini davr talabidan kelib chiqib samaraliroq tashkil etish, milliy istiqlol g‘oyasi va mafkurasining mazmun-mohiyatini yoshlar qalbiga singdirish, talaba yoshlarni vatanparvar va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maqsadida universitet miqyosida har yili “Eng yaxshi murabbiy” tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov O‘zbekiston Milliy universitetida faoliyat ko‘rsatayotgan murabbiylarning ibratli ishlarini ommalashtirish va qo‘llab-quvvatlash, ularni yoshlarga intellektual, ma'naviy-ma'rifiy hamda axloqiy jihatdan to‘g‘ri tarbiya bera olishi, shuningdek, talabalarda ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘mak berish, qobiliyatlarini o‘rganish, murabbiylar o‘rtasida sog‘lom, ijodiy raqobatni yuzaga keltirish, “Ustoz-shogird” an'analarini davom ettirish, tashabbuskorlik tuyg‘ularini rivojlantirishdan iboratdir.

Aytish joizki, tanlov o‘quv guruhlarda faoliyat olib borayotan namunali, tashabbuskor va o‘z ishining mohir bilimdonlari bo‘lmish murabbiylarni tanlab olish va ular erishgan ijobiy yutuqlarni keng yoyish imkoniyatini beradi.

Ayni paytda Milliy universitetimizda mazkur tanlovga tayyorgarlik jarayonlari o‘rganilmoqda. Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov va boshqa Hay'at a'zolari murabbiylar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.

Har bir fakultetdan “Eng yaxshi murabbiy” tanloviga taqdim etilgan hujjat va tegishli ma'lumotlar o‘rganilmoqda. Eng muhimi, mazkur ma'lumotlar amalda qay darajada ekanligi e'tibor bilan ko‘rib chiqilmoqda. Chunonchi, Biologiya va tuproqshunoslik, Iqtisod, Ijtimoiy fanlar, Jurnalistika, O‘zbek filologiyasi fakultetlari talabalari bilan yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazilmoqda.

Tanlov Hay'ati a'zolari “Murabbiylik darsi” va “Axborot soatlari” mashg‘ulotlari qay darajada o‘tkazilayotgani bilan qiziqdilar. Talabalar bu mashg‘ulotlarda yurtimizda kechayotgan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy hayot, jahon maydonida yuz berayotgan voqea-hodisalardan kengroq xabardor bo‘lishayotganini so‘zlab berdilar.

Talabalar bilan bo‘lgan suhbatlarda murabbiylar faoliyatiga xolis baho berilmoqda. O‘z navbatida ko‘plab talabalar murabbiylarining faoliyatlari oiladagi hayotbaxsh muhitni vujudga keltirishga xizmat qilayotganini e'tirof etdilar.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, mazkur tanlov g‘oliblari 12 may – O‘zMU tashkil topgan kun munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali marosimda e'lon qilinadi va munosib taqdirlanadilar.

 

 

Ulug‘bek Usmonov,

O‘zMU gazetasi muxbiri

Top