15:23 / 12.05.2016
15557

Mashhur marketolog O‘zbekistondagi marketing holatiga 10 ballik tizimda 3 baho qo‘ydi

Marketing va biznes bo‘yicha ko‘plab bestsellerlar muallifi, Rossiyaning 1-raqamli marketyori hisoblangan Igor Borisovich Mann O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida O‘zbekistonda biznes hamjamiyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyiha - “Biznes laboratoriyasi” loyihasi orqali ushbu hududda marketing taraqqiyoti to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirdi. 

Mashhur marketolog O‘zbekiston xushmanzarasi, mehmondo‘st odamlari, mazali taomlari xususida iliq taassurotlarini bayon qildi. Biroq u O‘zbekistonda marketingni to‘g‘ri qo‘yish ustida ancha mehnat qilish lozimligini bildirdi.

Uning aytishiga ko‘ra, O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning xazinasi, faqat ushbu xazinadan oqilona foydalana bilish kerak. Agar o‘n ballik darajada baholansa, ayni paytda ushbu hududdagi marketing holati 3 ball. 

“Oddiygina misol. Na Samarqand va na Buxoroda birorta gesthaus (“guest house” – mehmon uchun uy) uchramadi. Bu – mashinalarga yoqilg‘i quyish, kafe, do‘kon kichik mehmonxonani o‘zida birlashtirgan joy. Axir sizlarning yurtingizga minglab, millionlab xorijliklar, yevropaliklar keladi. Ular orasida kofesiz kunini boshlay olmaydiganlar bor. Ko‘k choy, albatta, yaxshi, biroq sayyoh kofe ichgisi keldimi, unga kofe soting”, - maslahat berdi u.

“Men juda ko‘p yurtlarda bo‘lganman. Lekin ko‘rganlarim orasida O‘zbekiston – bu durdona, O‘rta Osiyoning durdonasi. Ozroq zamonaviy texnologiyalar qo‘llansa, bu yerga keluvchi minglab sayyohlarni millionlarga aylantirish qiyin bo‘lmaydi”, - dedi Igor Borisovich. 

Manning aytishicha, O‘zbekistonda turizm biznesini rivojlantirish uchun, oliy o‘quv yurtlarida turizm fakultetlarini ochish va kafedralarga bo‘lib, taqsimlab o‘rgatish lozim.

Top