09:41 / 12.05.2016
3199

«Norvich» va «Nyukasl» Angliya premer-ligasini tark etdi

Angliya premer-ligasining 30-turidan qoldirilgan uchrashuvida "Sanderlend" futbolchilari "Everton"ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishdi va o‘zlari uchun 17-o‘rinni kafolatlashdi.

Bu esa Sem Ellardays jamoasini ta'qib etib kelayotgan "Nyukasl" va "Norvich" jamoalari ligada jon saqlab qolish umidlarini uzishlariga sabab bo‘ldi.

"Aston Villa" jamoasining esa 33-turdan keyinoq ligani tark etishi ma'lum bo‘lib ulgurgandi.

"Sanderlend" jamoasi mavsumning birinchi qismini juda omadsiz o‘tkazdi va bosh murabbiy Dik Advokat bilan hamkorlik to‘xtatildi. Uning o‘rniga olib kelingan Sem Ellardaysga jamoani ligada olib qolish vazifasi topshirildi. U jamoa bilan keyingi 13 turda faqat 2ta mag‘lubiyat qayd etdi.

Kecha o‘tkazilgan yana bir o‘yinda "Norvich" "Uotford"ni qabul qildi va  4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Lekin jamoa o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida liga bilan xayrlashdi.

37 tur uchrashuvlaridan keyin "Norvich" va "Nyukasl" jamoalari hisobida 34tadan ochko jamg‘arilgan. "Sanderlend" hisobidagi ochkolar soni 38ta.

Top