19:40 / 12.05.2016
12328

Toshkent shahrida “San'at g‘unchalari” xalqaro tanlovi boshlandi

Bugun Toshkent shahrida damli va zarbli cholg‘ular ijrochiligi bo‘yicha “San'at g‘unchalari” xalqaro tanlovi boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xalq ta'limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur nufuzli xalqaro tanlovda Germaniya, Yaponiya, Rossiya, Azerbayjan, Qozog‘iston va yurtimizdan 164 nafardan ortiq iqtidorli yosh ijrochi ishtirok etadi.

O‘zbekiston davlat Konservatoriyasida bo‘lib o‘tgan "San'at g‘unchalari" xalqaro tanlovining tantanali ochilish marosimida Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov, Madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari Farhod Jo‘rayev, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruv raisi Svetlana Inamova, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev hamda xorijlik hakamlar hay'ati a'zolari ishtirok etishdi.

Ushbu nufuzli xalqaro tanlovda ishtirokchilar yosh toifasiga ko‘ra ikkita guruhda 11 ta yo‘nalishda qatnashmoqda. Tanlov joriy yilning 10-14 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro tanlov dasturiga ko‘ra ishtirokchilar 14 may kuni qadimiy va navqiron Samarqand shahriga sayohat uyushtirishib, shahardagi tarixiy obidalar hamda mamlakatimiz bolalar musiqa va san'at maktablarida olib borilgan islohotlar bilan yaqindan tanishadilar.

2016 yilning 13 may kuni soat 16:00da O‘zbekiston davlat Konservatoriyasida tantanali taqdirlash hamda tanlovning yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Top