10:45 / 12.05.2016
4113

Zimbabve qurg‘oqchilik sababli yovvoyi hayvonlarni sotuvga qo‘ydi

Zimbabve qurg‘oqchilik sababli yovvoyi hayvonlarni qutqarib qolish maqsadida ularni sotuvga qo‘ydi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. 

Zimbabve Milliy bog‘lar va yovvoyi tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi mamlakatning yovvoyi hayvonlarni saqlay olishga imkoni bo‘lgan fuqarolarini hukumat bilan bog‘lanishga chaqirmoqda. Xabarda hayvonlarning narxi va ularning xorijliklar tomonidan sotib olinishi imkoniyati borligi haqida hech narsa aytilmagan.

"Bog‘imizda yovvoyi hayvonlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarlicha suv zaxirasi yo‘q, yaylovlar ham yetishmayapti. Ba'zi hududlarimizda umuman zaxiralar yo‘q va u yerdagi hayvonlar nobud bo‘lishini bilamiz", deb aytdi Xvange milliy bog‘idagi safari-turlar operatori Emannuel Fundira.

Zimbabveda 10 ta milliy bog‘ faoliyat yuritadi. Bugungi kunda Xvange milliy bog‘ida 54 mingta fil yashaydi, bu esa bog‘ saqlay olishi mumkin bo‘lgan fillar sonidan 4 barobar ko‘proqni tashkil qiladi. Umumiy hisobda mamlakatda 80 mingta fil bor.  

"Ma'muriyat xabarida hayvonlar mamlakat ichida sotilishi aytilgan, biroq Zimbabveda hayvonlarni sotib olish uchun imkoniyati bo‘lgan odamlar juda kam. Agar gap hayvonlarni xorijga eksport qilish haqida ketadigan bo‘lsa, bu juda katta muammo. Chunki hayvonlar Afrikaga tegishli va keyingi avlodlarning mulki hisoblanadi", deb aytdi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis Jonni Rodrigez.

Bundan tashqari,  Zimbabwe Independent newspaper nashrining ma'lum qilishicha, Bube Conservancy xususiy bog‘i egalari bog‘da sherlar ko‘payib ketgani sababli 200 ta sherni o‘ldirish zarurligi haqida aytishganini ma'lum qilgandi.  

Zimbabveda kuchli qurg‘oqchilik sababli favqulodda vaziyat tartibi e'lon qilindi va xalqaro hamjamiyatga yordam so‘rab murojaat qilindi. Qurg‘oqchilik sababli makkajo‘xori va eksport qilinadigan tamaki hosili nobud bo‘lgan.

Top