18:34 / 13.05.2016
6066

Muhrlarni soxtalashtirgan to‘da qo‘lga olindi

Diyora Dovudova (ism-familiyalari o‘zgartirilgan) O‘rtachirchiq tumanida “To‘ytepa taksi” mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil qiladi. MChJning faoliyatini qonuniy olib borish o‘rniga u “g‘irrom”likni kasb qiladi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.

D.Dovudova o‘zi boshchilik qilayotgan jamiyatning yana ikki xodimi Naima Murodova hamda Ma'mur Kabirovlar bilan jinoiy til biriktiradi va MChJga hech qanday aloqasi bo‘lmagan 13 ta “Damas” avtomobillarining davlat raqamlari hamda boshqa belgilarini tender hujjatlariga kiritib, ushbu hujjatlarni qonuniylashtirish uchun jinoyatga qo‘l uradilar. Ya'ni ular Zangiota tumanidagi notarial idoralardan birining imzolarini hamda muhrlarini soxtalashtirib, tenderda qatnashish uchun hujjat tayyorlaydilar. Ushbu jinoiy guruh mana shunday noqonuniy yo‘l bilan “To‘ytepa-Alimkent” yo‘nalishi uchun o‘tkazilgan tender tanlovida g‘olib chiqishadi. Ammo soxtakorlik uzoqqa bormaydi. Hujjatlarni tekshirishlarda ularning qilmishlari fosh etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘rtachirchiq tuman sudi D.Dovudova, M.Kabirov hamda N.Murodovalarga qilmishlariga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi.
 

Top