16:28 / 13.05.2016
7749

Odamlarning haqini yeb kelgan “ustamon” rahbar jinoiy javobgarlikka tortildi

Farg‘ona Davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘shtepa tumanidagi “Omuxta yem birlashmasi” MChJga qarashli omuxta yem savdo shoxobchalarida qisqa muddatli tekshruv ishlari o‘tkazildi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Nazorat-xarid talbirlarida chorva ozuqasi mahsulotlari aholiga qimmat narxlarda sotilayotgani aniqlandi. Qirq to‘rt yoshga kirgan K.Fozilov 2010 yilning fevral oyidan MChJda ta'minotchi, 2014 yil aprel oyidan boshliq vazifasida ishlagan. Bundan tashqari, “Toshloq omuxta yem birlashmasi” MChJ nizom fondining 40 foiziga ega bo‘lgani holda jamiyat faoliyatini norasmiy ravishda boshqargan. Birjada sotib olingan omuxta yem mahsulotlarini “Farg‘ona yog‘-moy” va “Qo‘qon yog‘-moy” korxonalaridan olib chiqib, Qo‘shtepa tumanidagi “Omuxta yem birlashmasi” MChJga qarashli savdo shoxobchalariga tarqatgan. 

2012 yil yanvar-fevral oyida har bir kilogrammining xarid narxi 383 so‘m bo‘lgan shrotni 800 so‘mdan, 157 so‘m bo‘lgan sheluxani 500 so‘mdan narx qo‘yib shoxobchalarga tarqatib bergan.
Oktyabr-dekabr oylarida ham do‘kon mudirlari 500 so‘m va 800 so‘mdan, ikki-uch baravar qimmat narxda yetkazib berilgan sheluxa va shrotni aholiga 530-835 so‘mdan narxda sotishgan. K. Fozilovning ustama narxi yildan-yilga oshib borgan. 2015 yilning to‘rt oyi mobaynida hujjatlarda narxi 682 so‘m va 322,6 so‘m bo‘lgan shrot va sheluxani ta'minotchidan 1200 so‘m va 750 so‘m narxda qabul qilib olgan shoxobchalarning mudirlari aholiga 1300 so‘m va 800 so‘m narxda sotishgan.

K.Fozilov jinoiy sheriklari bilan uch yarim yil mobaynida 6 milliard 228 million so‘mdan ziyod pul mablag‘larini o‘zlashtirib, talon-taroj qilgan.
Sud K.Fozilovga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlash haqida o‘z hukmini o‘qidi.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibga ko‘ra, birja savdolarida xarid qilingan, don mahsulaotlari va yog‘-moy korxonalaridan olib chiqilgan omuxta yem, shrot va sheluxa maxsus shoxobchalar orqali mahalliy iste'molchilarga – fermer xo‘jaliklari  va aholiga xarid narxiga 20 foizdan oshmagan ustama haq belgilanib sotilishi lozim.

Top