17:13 / 13.05.2016
33234

Soliq to‘lovchilar uchun my.soliq.uz internet portali hamda “Soliq” mobil ilovasi ishga tushdi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida soliq to‘lovchilar uchun yaratilayotgan yangi qulayliklar haqida respublika videoseminari bo‘lib o‘tdi. Unda yangi ishga tushirilgan elektron soliq xizmatlari my.soliq.uz portalining imkoniyatlari taqdim etildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Portalda elektron davlat xizmatlari interaktiv va axborot davlat xizmatlariga ajratilgan. Xizmatlar yo‘nalishiga ko‘ra “murojaatlar yuborish”, “soliqlarni to‘lash”, “ma'lumotnomalar olish”, “hisobga qo‘yish” kabi guruhlarga bo‘lingan. 

Davlat soliq qo‘mitasining 31 elektron davlat xizmati, shu jumladan, 18 interaktiv va 13 axborot xizmati elektron soliq xizmatlari portaliga joylashtirilgan. Bundan tashqari, 27 turdagi ochiq ma'lumotlardan ham foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Portalda soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq barcha masalalarni elektron shaklda hal etishga mo‘ljallangan yuridik va jismoniy shaxslarning “shaxsiy kabinet”lari yanada qulay ko‘rinishda. Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun alohida “shaxsiy kabinet” joriy etilgan. 

Portalda soliqlarni mustaqil ravishda hisoblab chiqarish, hisobot va soliq deklaratsiyalarini yuborish, rasmiy tushuntirishlar va 14 turdagi ma'lumotnomalarni olish mumkin. Korxonaning hisobraqamiga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalari ro‘yxati bilan tanishish, soliqlarni onlayn rejimida to‘lash, korxonaga yuborilgan ogohlantirish xabarnomalari to‘g‘risida tezkor xabardor bo‘lish, fuqarolarga hisoblangan sug‘urta badallarini ko‘rish kabi o‘nlab yangi imkoniyatlar yaratilgan. 

Barcha turdagi soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn rejimida to‘lash tizimi 24 soat davomida uzluksiz va bepul ishlaydi. Bu imkoniyatdan 110 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yekti foydalanib, 882 milliard so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlar masofadan turib to‘langan. Joriy yilning 1 mayidan boshlab yana bir yangilik joriy etildi: korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning mol-mulk va yer soliqlaridan bo‘lgan qarzdorligi yoki joriy yil uchun hisoblangan soliqlarni “shaxsiy kabinet” orqali onlayn to‘lash imkoniyati yaratilgan.

Interaktiv xizmatlar yordamida jismoniy shaxslar mol-mulk va yer soliqlarini “Clisk”, “MVank” hamda “U-Pay” xizmatlari orqali to‘lashi ortiqcha ovoragarchilikdan xalos etadi. Shu paytgacha ushbu zamonaviy to‘lov usullaridan 15 mingdan ortiq soliq to‘lovchi foydalanib, jami 700 million so‘mlik soliqlar elektron shaklda to‘langan.

Zamonaviy smartfon va planshetlar uchun foydalanishga mo‘ljallangan “Soliq” mobil ilovasi yordamida Davlat soliq qo‘mitasining 15 turdagi interaktiv xizmat turlaridan tez, oson va qulay shaklda foydalanish mumkin.

Top