22:53 / 13.05.2016
8698

Jangarilar Iroqda "Real" fan-klubiga hujum qilib, 16 kishini o‘ldirdi

Iroqning Balad shahrida IShID jangarilari hujumi natijasida "Real" fan-klubi a'zolari hisoblangan 16 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda El País xabar tarqatgan.

Ma'lum qilinishcha, 12 may kuni kechasi 3 nafar qurollangan shaxs mashhur futbol klubi muxlislari uyushmasi o‘tirgan kafeda pulemyotdan o‘t ochgan. Hujum natijasida halok bo‘lganlar soni 16 nafar, jarohatlanganlar soni 20 nafarni tashkil etgan.

Fan-klubning feysbukdagi sahifasida bu hujumni "makkorona terakt" deb atashgan.

Hujumga duchor bo‘lganlardan birining ta'kidlashicha, jangarilar futbolni islomga qarshi deb biladi va shu bois uni yomon ko‘radi.

Hujum qilganlar qochib ketishgan. Keyinroq ulardan biri shahardagi bozor oldida o‘zini portlatib yuborgan.

"Real" jamoasining fan-klubiga uyushtirilgan hujumdan larzaga tushdik. Terrorchilar futbolga hujum qila boshlashdi. Biz qurbonlarning yaqinlari va oila a'zolariga hamdardlik bildiramiz. Futbol terror nishoniga aylandi", deya bu fojiaga munosabat bildirgan Ispaniya professional futbol ligasi rahbari Haver Tebas.

Top