14:03 / 15.05.2016
5690

Elchi: KXDR Rossiya yaxtasini qo‘yib yubordi

Rossiyaning KXDRdagi elchisi Aleksandr Matsegor 13 may kuni Yapon dengizi hududida shimol koreyslari tomonidan qo‘lga olingan Rossiyaga tegishli «Elfin» yaxtasi ayni damda Kimchak portini tark etgani haqida ma'lum qildi. TASS agentligi xabariga ko‘ra, ayni vaqtda yaxta Vladivostokka yo‘l olgan.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, yaxta kapitani va ekipajning boshqa a'zolari elchixona bilan aloqaga chiqqan. Elchining qayd etishicha, Rossiya tomoni KXDRga bu voqeaga tushuntirish so‘rab murojaat qilishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 13 may kuni KXDR qirg‘oq qo‘riqlash xizmati mamlakat iqtisodiy hududi chegarasidagi xalqaro suvlarda Rossiya yaxtasini qo‘lga oldi.

Yaxta Janubiy Koreyaning Pusan port shahridan Vladivostokka qarab ketayotgan edi. Yaxta Primorening Yelkanli sport uyushmasiga tegishli bo‘lib, uning bortida besh kishi bo‘lgan.

U Koson portidan taxminan 80 mil masofada tutilgan, kapitan chegarani qo‘riqlaydigan kema bortiga yetkazilgan. Yaxta shatakka olinib, Shimoliy Koreya qirg‘og‘iga keltirilgan.

Bundan oldinroq, Rossiya TIV KXDRga «Elfin» yaxtasi qo‘lga olinishi sababini izohlash talab etilgan nota yuborgani va elchixona xodimlari yaxta turgan portga borgani haqida xabar qilingandi.

Top