17:29 / 15.05.2016
25221

Lola Karimova-Tillayeva Global Gift fondi mukofoti bilan taqdirlandi

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning kichik qizi, O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakili, "Sen Yolg’iz Emassan" xayriya fondi va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Vasiylik kengashlarining raisi Lola Karimova-Tillayeva Global Gift jamg‘armasi tomonidan maxsus gumanitar mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda uning o‘zi instagramdagi sahifasi orqali ma'lum qilgan.

Unga mukofot Kann shahrida har yili an'anaviy tarzda o‘tkaziladigan marosim vaqtida topshirilgan.

Global Gift Foundation vakili Lola Karimova-Tillayeva hamda uning rahbarligidagi "Sen Yolg’iz Emassan" xayriya fondi va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi Vasiylik kengashlarining muhtoj oilalar hamda bolalarga ko‘rsatibk kelayotgan xayriya yordamlarini alohida ta'kidlagan.

Global Gift fondining gumanitar mukofoti keng xayriya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga taqdim etiladi.

“Ushbu mukofotga sazovor bo‘lish men uchun juda katta sharafdir. Bu nafaqat men, balki O‘zbekistondagi Mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchi bolajonlar hayotini yaxshilashga hamda maxsus ehtiyojli bolalarga ko‘mak berib ularning imkoniyatlarini oshirishga o‘zlarini baxshida etgan insonlar harakatlarini tan oluvchi mukofotdir. Bu bizning ishimizda kishiga katta dalda va dastak manbaidir,” deb o‘tdi Karimova-Tillayeva taqdirlash marosimida.

Lola Karimova-Tillayeva O‘zbekistondagi ikkita xayriya tashkilotlariga boshchilik qiladi.

"Sen Yolg’iz Emassan" xayriya fondi Lola Karimova-Tillayeva tomonidan 2002 yilda O‘zbekistondagi ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga yordam berish maqsadida tashkil etilgan. Oradan ikki yil o‘tgach, 2004 yilda Karimova-Tillayeva xonim imkoniyati cheklangan bolalarga davolash va ta'lim sohalarida yordam beruvchi xayriya tashkiloti - Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markaziga asos soldi.

"Sen Yolg’iz Emassan" xayriya fondi O‘zbekistondagi bir qator mehribonlik uylarida ta'mirlash, kapital rekonstruksiya, qurilish va tubdan jihozlash ishlarini olib bordi, natijada ushbu mehribonlik uylarida bolalarning yashashi, har tomonlama rivojlanishi hamda ta'lim olishi uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratilgan.

Top