07:20 / 15.05.2016
10721

Mushtlashuv chiqqan Xovan qabristoni direktori o‘z lavozimidan bo‘shatildi

14 mayda ommaviy mushtlashuv chiqqan Moskvaning Xovan qabristoni direktori o‘z lavozimidan bo‘shatildi, deb xabar bermoqda Moskva savdo va xizmatlar departamenti rahbari Aleksey Nemeryukka iqtibos keltirgan holda "Interfaks" axborot agentligi xabar berdi.

"Xovan qabristoni direktorini o‘z lavozimidan ozod etishga qaror qilindi. Keyinroq qabristonda o‘z vaqtida xavfsizlikni ta'minlay olmagan xususiy qo‘riqlash firmasiga ham chora ko‘ramiz", deb aytdi Nemeryuk.

Nemeryukning aytishicha, ayni vaqtda qabristonda tozalash ishlari olib borilmoqda.

"Bizning ma'lumotlarga ko‘ra, qabrlarga ziyon yetmagan, xodimlardan birortasi jabrlanmagan, hibsga olinganlarning barchasi qabriston xodimlari emas, ularning qabristonga aloqasi bo‘lmagan", deb qo‘shimcha qildi Nemeryuk.

Avvalroq Moskva meri Sergey Sobyanin qabristondagi ommaviy mushtlashuvdagi aybdorlar jazosiz qolmasligini aytib o‘tgandi.

14 mayda kunduzi Xovan qabristonida 200 ga yaqin odam ishtirokida ommaviy mushtlashuv yuz berdi.

IIV ma'lumotlariga ko‘ra, mushtlashuvga qabristonda xizmat ko‘rsatish hududini bo‘lishish sabab bo‘lgan.  

Huquq-tartibot muassasalaridagi ba'zi manbalarga ko‘ra, mushtlashuv kavkazliklar va markaziy osiyoliklar o‘rtasida yuz bergan.

Top