17:15 / 15.05.2016
6653

O‘zMUda taniqli san'atkor Ra'no Yarasheva bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi

Yosh avlodning ma'nan yetuk bo‘lib kamol topishida san'atning o‘rni beqiyos. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Faxrim, ziyo maskanim – Milliy universitet” shiori ostida davom etayotgan talaba-yoshlar festivali doirasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra'no Yarasheva bilan “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusida ijodiy uchrashuv o‘tkazildi. 

– Bugungi kunda talaba-yoshlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ular ongi va qalbini mafkuraviy tahdidlaridan himoya qilish, ularda g‘oyaviy immunitet va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish dolzarb masalaga aylanganini ortiqcha izohlashga hojat yo‘q,– dedi Milliy universitet prorektori Davlatboy Jumaboyev tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan.– Bu ijodiy uchrashuv ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi, degan umiddamiz. 

O‘zMU Axborot xizmatidan xabar berilishicha, taniqli aktyor Ra'no Yarasheva mamlakatimizda san'atga berilayotgan e'tibor soha xodimlariga tuganmas ilhom baxsh etayotgani, ayni paytda ular zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklayotganini ta'kidladi. U san'at sohasiga kirib kelishi va bu borada erishgan yutuqlari haqida so‘zlar ekan, bugungi kunda yurtimizda yosh iste'dod sohiblariga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini izohlab berdi. 

– “Kim edigu kim bo‘ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” degan so‘zlar zamirida olamcha ma'no mujassam,– dedi san'atkor.– Yurtimiz istiqloli xalqimizning farovon turmush kechirishiga beqiyos zamin yaratgan, shu bilan bir qatorda yosh avlodning har tomonlama barkamol, yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘sha oladigan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun keng imkoniyatlarni yaratayotganini teran nigoh bilan anglamoq lozim. 
Jonli muloqot tarzida o‘tgan ijodiy uchrashuvda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollariga javoblar oldilar.

Top