20:43 / 16.05.2016
6252

Anjyelina Joli Trampning muhojirlik va musulmonlar haqidagi fikrini eshitish og‘irligini bildirdi

Amerikalik kinoyulduz Anjyelina Joli milliarder Donald Trampning ba'zi takliflari Qo‘shma Shtatlarning asosiy qadriyatlariga to‘g‘ri kelmaydi deb hisoblaydi. Bu haqida u Britaniyaning Bi-bi-si korporatsiyasi teleradioeshittirishi jonli efirida ma'lum qildi.

"Amerika butun dunyodan erkinlik istab kelgan kishilar tomonidan barpo etilgan, shunday ekan, diniy erkinlik har kimning o‘ziga bog‘liq", - dedi Joli Trampning muhojirlar bilan kurashish hamda xavfsizlik maqsadida AQShga musulmonlarni kiritmaslik haqidagi taklifiga o‘z munosabatini bildirar ekan. 

"Kelgusida AQSh prezidenti bo‘lishga da'vogar kishidan bunday gap eshitish men uchun juda og‘ir", - dedi u. 

Joli dunyodagi ko‘plab muammolarning negizini yo‘qotmay turib muhojirlar muammosini hal qilib bo‘lmasligini aytdi. Shuningdek u bugungi kunda dunyo bo‘ylab qochoqlar hamda vatanidan ketishni istamagan, ammo quvg‘in qilinganlar soni 60 millionga yetganini eslatib o‘tdi.

"Bu so‘nggi 70 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich", - dedi u. 

Anjyelina Joli hukumatni o‘z yurtidagi muammolardan qochib kelayotgan kishilar yo‘lida to‘siq yaratmaslikka chaqirdi.

"Beqaror dunyo - barcha uchun xavfsiz emas. Agar qo‘shningizning uyi yonayotgan bo‘lsa, siz eshikni yopganingiz bilan xavf-xatardan xoli bo‘lasiz degani emas", - dedi u.

Top