09:23 / 16.05.2016
3397

«Beshiktosh» 2009 yildan buyon ilk marta Turkiya chempioni bo‘ldi

Futbol bo‘yicha Turkiya chempionatining 33-turida «Beshiktosh» jamoasi o‘z maydonida «Usmonlispor» jamoasini qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirdi. 

Bu g‘alaba orqali «Beshiktosh» ochkolari sonini 79taga yetkazib, eng yaqin ta'qibchisi «Fenerbahche»ni 6 ochkoga ortda qoldirdi. Bu jamoa ham 33-turda «Genchlerbirligi»ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan, ammo qolgan oxirgi turda qanday natijalar qayd etilishidan qat'i nazar o‘rinlar o‘zgarmaydi. Uchinchi o‘rindagi «Ko‘nyaspor» jamoasida 63 ochko jamg‘arilgan. Endilikda, YeChLning keyingi mavsumida «Beshiktosh» to‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichida ishtirokni boshlaydi, «Fenerbahche» esa pley-offda qatnashadi.

«Beshiktosh» endilikda Turkiyaning 14 karra chempioni hisoblanadi. Jamoa oxirgi marta 2009 yilda mamlakat chempioniga aylangandi.

Turkiya chempionatidagi eng sovrindor jamoalar «Galatasaroy» (20) va «Fenerbahche» (19) jamoalari hisoblanadi.

Turkiya - Superliga. 33-tur
Beshiktosh (Istanbul) – Usmonlispor (Anqara) – 3:1
Gollar: Marselo, 21 (1:0); Marselo, 24 (2:0); Gomes, 48 (3:0); Vebo, 74 (3:1).
Ogohlantirishlar: O‘zyoqub, 72 – Rusesku, 55; Laval, 89.

Top