12:26 / 16.05.2016
5175

BMT bosh kotibi farzandli bo‘lgan otalar uchun ta'til joriy qilish taklifini bildirdi

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun 15 may kuni barcha mamlakatlar hukumatlarini zo‘ravonlik va kamsitishga o‘rin bo‘lmagan sog‘lom oila qurish uchun sharoit yaratib berishga chaqirdi. 15 mayda nishonlanuvchi Xalqaro oila kuni munosabati bilan yuborilgan xatda u oilani rejalashtirish dasturi va yangi tug‘ilgan bolalarning otalari uchun maxsus ta'til tajribasini tatbiq etish taklifini bildirdi.

"Hukumat barcha jabhalarda oilaning yetakchi o‘rin tutishini qo‘llab-quvvatlashi kerak. Ular ota-ona oilaning hajmi va uni kengaytirish vaqtini rejalashtirishi uchun reproduktiv salomatlikni saqlash sohasidagi xizmatlarga yo‘l ochib beradi. Onaning salomatligi va otalar uchun bola tarbiyasi ta'tili yangi tug‘ilgan go‘daklarni eng yaxshi hayot ibtidosi bilan ta'minlashda juda muhimdir", - dedi BMT bosh kotibi. 

Xalqaro oila kuni 1994 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan joriy qilingan. Bu yil, bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, bayram "oilalar butun dunyo bo‘ylab falokat va fojialarga to‘qnash kelayotgan davr"ga to‘g‘ri keldi. 

"Zo‘ravonlik ekstremizmining o‘sishi, majburiy ko‘chish oqibatlari, ekstremal iqlim sharoitlari va boshqalar oilalarning birligi va sog‘ligiga tang vaziyatlarda juda salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Hattoki nisbatan barqaror jamiyatlarda ham oilalar hali-hanuz zo‘ravonlik, kamsitish va qashshoqlikdan aziyat chekishmoqda", - ta'kidladi u. Shuningdek Pan Gi Mun "oila va jamiyatda o‘z o‘rniga ega keksalarga g‘amxo‘rlik qilishning muhimligi"ga e'tiborni qarata turib. 

BMTda oila jamiyatning bir bo‘lagi ekanligi hamda 2015 yilning sentabridagi sammitda qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga yetishishda katta ahamiyatga ega ekanligi ta'kidlandi. Oila masalalariga qaratilgan milliy strategiyalarni amalga oshirish  qashshoqlik va ochlikka chek qo‘yish, aholining sog‘ligini ta'minlash, barcha yoshdagi kishilarning farovon turmush kechirishi, butun umri davomida ta'lim olish hamda gender tenglikka munosib sharoit yaratishga yordam beradi. 

BMT an'anasiga ko‘ra, Xalqaro oila kuni har yili muayyan bir mavzuga bag‘ishlanadi. Bu safar "Oila, sog‘lom turmush tarzi va barqaror kelajak" mavzusi tanlandi.

Top