11:02 / 16.05.2016
2936

Braziliya prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi kelgusi saylovda o‘z nomzodini qo‘ymaydi

Braziliya prezidenti vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Mishel Temer 2018 yilda o‘tadigan mamlakat rahbari saylovlarida o‘z nomzodini qo‘yish niyatida emas. U Globo telekanaliga bergan intervyusida shunday ma'lumot bergan. 

"Bu mening rejalarimga kirmaydi, men buning oldini olmoqchiman. Agar prezidentlik lavozimiga o‘z nomzodimni qo‘yishdan bosh tortsam, men erkin harakat qilish imkoniga ega bo‘laman, qayta saylanish uchun qandaydir ishlarni amalga oshirishimga hojat qolmaydi", - dedi Temer.

Shu bilan birga, siyosatchi o‘z pozitsiyasini o‘zgartiradigan ssenariyni butkul inkor olmasligini ham bildirdi.

Rio-de-Janeyro va San-Paulu kabi shaharlarda mamlakat rahbari lavozimini vaqtinchalik bajaruvchisining Globo telekanaliga bergan intervyusi noroziliklarga sabab bo‘ldi, chunki ular Dilma Russeffning lavozimidan chetlashtirilishiga qarshi bo‘lishgan.  

Bundan avval Braziliyaning uch shahrida, shu jumladan poytaxtda ham Russeffni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar uyushtirilgan. 

Temer mamlakat prezidenti lavozimiga qonunga muvofiq kirishganini ta'kidladi.

"Mening bu lavozimni egallashim qonunan tasdiqlangan. Russeff saylovlarda qo‘lga kiritgan ovozlar menga ham berilgan (Braziliyada prezidentlik va vitse-prezidentlikka nomzodlar saylovga birga, bir ro‘yxatda qo‘yiladi). Saylov byulletenida mening ham ismim va suratim bo‘lgan. Braziliya demokratik harakati partiyasi bizga ko‘p ovozlar olib keldi", - deya izoh berdi prezidentlik vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Mishel Temer.

Shuningdek, Temer aholi orasida o‘zining u qadar taniqli emasligini bilishi, biroq odamlar uning ishlari natijasini ko‘rganidan keyin vaziyat o‘zgarishiga ishonchi komil ekanligini ta'kidladi.

Top