12:21 / 16.05.2016
4762

Qozog‘iston tabiiy gaz va rangli metallar rudasi qazib olish hajmini oshirdi

Qozog‘iston sanoat mahsulotlari jismoniy hajmi 98,6 foizni tashkil etgan. Bu haqda Respublika milliy iqtisodiyot vazirligi statistika qo‘mitasi xabar qilgan. 

Ma'muriyat ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yil yanvar-aprel oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan neft, ko‘mir va temir rudasi qazib olish ko‘rsatkichlari pasaygan. 

«Ichimliklar, tamaki mahsulotlari, neftni qayta ishlash mahsulotlari va avtomobil ishlab chiqarish hajmi qisqargan. Shuning barobarida, tabiiy gaz va rangli metallar rudalari qazib olish o‘sgan. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo, farmatsevtika va metallurgiya sanoatida ham ishlab chiqarish hajmining ortishi qayd etilgan», – deyiladi Milliy iqtisodiyot vazirligi hisobotida.

U Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri Karim Masimovning rasmiy veb-sahifasida e'lon qilingan.

Qayd etilishicha, sanoat ishlab chiqarishi hajmi Oqteba, G‘arbiy-Qozog‘iston, Qustanoy, Qizil O‘rda, Mang‘istov, Pavlodar viloyatlari va Olmaota shahrida tushib ketgan. 

Respublikaning 9ta ma'muriy hududida esa sanoat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘sgan.

Top