14:03 / 16.05.2016
4533

OAV: Putin prezidentligining 12-yilida davlat doirasida 363ta uchrashuv o‘tkazdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin prezidentligining 12-yilida, ya'ni 2015 yilning 7 mayidan 2016 yilning 7 mayiga qadar davlat doirasidagi 363ta uchrashuv o‘tkazgan hamda 109 marta telefon orqali muloqot olib borgan. Bu haqida "Kommersant. Vlast" gazetasi ma'lum qildi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, bu davr ichida prezidentning 311 ish kuni bo‘lib, u hujjatlar va uchishlardan tashqari yana 902ta ishda qatnashgan. 

Shuningdek, Putinning ish jadvalida 55ta xizmat safari qayd etilib, ulardan 44tasi Rossiya bo‘ylab uyushtirilgan.

"Vladimir Putin to‘rt marta siyosatchi bo‘lmagan kishilar bilan telefon orqali muloqot qilgan. Shu bilan birga 20 nafar prezident (55 marta) bilan, 9 nafar hukumat rahbarlari (27 marta) va 5 nafar monarxiya vakillari (14 marta) bilan suhbat qurgan.

2015-2016 yillarda Vladimir Putin eng ko‘p Angela Merkel va Fransua Olland bilan (11 martadan) suhbatlashgan, biroq, agar faqat ikki tomonlama formatdagi suhbatlarni hisobga olganda uning suhbatdoshlari ro‘yxatida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev va Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdul Aziz as-Saud (7 martadan) yetakchilik qiladi", - qo‘shimcha qiladi gazeta.

Nashr xabariga ko‘ra, Rossiya prezidenti eng ko‘p uchrashuv va muzokaralarda (283 marta), majlislarda (63), shuningdek bir qator marosim va qabullarda (46) qatnashgan. Davlat rahbari 30 marta OAV bilan muloqot qilgan, jumladan, 6 marta intervyu bergan va 10 marta xalqqa rasmiy murojaat bilan chiqqan. 

"Madaniy tadbirlar ro‘yxatidan 82ta punkt o‘rin egallagan. G‘alabaning 70 yilligi munosabati bilan prezident ikki paradda ishtirok etgan - 9 may kuni Moskvada hamda 3 sentabrda Pekinda", - xabar qiladi gazeta. 

Bundan tashqari, prezident 10ta konsert va teatrlashtirilgan tomoshalar, 6 marta ibodatxonalar, 6 marta o‘quv muassasalarini ziyorat qilgan hamda bir martagina Dmitriy Medvedev bilan rasmiy nonushta o‘tkazgan.

Prezidentning eng mashhur sport turi sifatida xuddi 2013-2014 yillardagidek xokkey qayd qilingan.

Top