18:36 / 16.05.2016
18314

Rahimboy Jumaniyozov: “Ajoyib kishilar hayoti yoxud “Toshkentdan gapiramiz” 

Atoqli adib, o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi Abdulla Qodiriy o‘zining “O‘tkan kunlar” asarida “moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir” deb yozgan edi. Ana shunday xayrli ishning boshini tutgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mukofotining laureati va “Eng yaxshi voiz” Respublika ko‘rik-tanlovining sovrindori, filologiya fanlari nomzodi, Antique world — “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi, dotsent va notiq Rahimboy Jumaniyozov yozuvchi, diktor va shoir, O‘zbekiston xalq artisti Qodir Maqsumovning hayoti va ijodini keng o‘quvchilar auditoriyasiga taqdim etdi.

“Ba'zi suxandon yoki aktyorlarning biron bir asarni o‘qiganlarida sehranib qolasiz. Sehringiz mehringizga jo‘nadi. Tovushlarni aniq va tiniq talaffuz qilishi bilan sizni o‘ziga tortadi, qoyil qoldiradi. Bulardan biri xalqimizning e'tiborini, ehtiromini qo‘ng‘iroq ovozi bilan o‘ziga maftun etgan, marhum san'atkorimiz O‘zbekiston xalq artisti Qodir Maqsumov edi”, deydi notiq o‘z kitobida qahramonining ijodiga to‘xtalar ekan. 

Rahimboy Jumaniyoz o‘z kitobida Qodir Maqsumovning hayoti va ijodi to‘g‘risida O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida juda oz ma'lumot keltirib o‘tilganligini ta'kidlaydi. O‘zbekiston xalq artistining hayoti va ijodi to‘g‘risida keltirib o‘tilgan to‘liq ma'lumotlardan ko‘rinib turadiki, muallifning o‘zi astoydil bu borada yetarli ma'lumotni o‘z o‘quvchilarga yetkazishga ahd qilgan.

Biz esa kitobdan muallif so‘z yuritgan qahramon - Qodir Maqsumov haqidagi ma'lumotlardan ayrim parchalarni sizning e'tiboringizga havola etishni lozim topdik. 

“Qodir Maqsumov 1924 yil 4 iyunda Toshkentda tug‘ilgan. 1987 yil 21 oktabrda vafot etgan. O‘zbekiston xalq artisti (1977 y.). Diktor. Toshkent teatr bilim yurtida 1938/40 yillarda ishlagan. 1940/45 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedegogika institutida uzilishlar bilan tahsil olgan. 1945 yildan 1987 yilgacha O‘zbekiston radiosida diktor bo‘lib ishlagan. U xushovozligi, nutqining ravonligi, diksiyaning kuchliligi, til normalarini puxta bilishi bilan boshqa diktorlardan ajralib turgan. Uning kamyob, tembrli ovozi, ifodali va ma'noli o‘qishi kuchli, emotsional ta'sir kuchiga ega bo‘lgan. Muhim siyosiy hujjatlar, targ‘ibiy, tashviqiy, ahamiyatga ega bo‘lgan matnlarni Maqsumov o‘qigan. Ayniqsa, mumtoz she'riyat namunalarini radio va televideniye orqali katta mahorat, ma'noli o‘qishi bilan shuhrat qozongan. Shuningdek, juda ko‘p filmlarga ovoz berishda qatnashgan. U “Muhabbat qo‘shig‘i” (1961 yil), “Inson mehri” (1965 yil), “Orzularing yo‘lida” (1973 yil) kabi hikoyalar to‘plamlarining muallifidir”.  ( O‘zbekiston milliy ensiklopediyasidan )

Rahimboy Jumaniyozov: Kitoblaring chop etilib tursa shodlanasan. Kitobing kerakligini bilsang yanada shodlanasan. O‘zing va so‘zing kerakligini bilsang umring besamar emasligidan yanada quvonasan. Navbatdagi kitobim "O‘zbek Levitani" nomi bilan mashhur va turkiy qiroat qiroli nisbati bilan manzur bo‘lgan Qodir Maqsumov haqida. Men nutq, adabiy tilga munosabat, ifodali o‘qish va yetkazishning xosiyatlari borasidagi mulohazalarim bilan o‘rtoqlashishni niyat qilgandim. Ayni paytda Qodir akaning zamondoshlari va shogirdlarining xotiralari ham kitobni muzayyan qilgan. Nasiba Qambarova, Dilsora Boboxonova, Tuhfaxon Axmedova, Muslimbek Yo‘ldoshev, Farhod Bobojonov, Nasiba Maqsudova, Abdurasul Abdullayev, Shokir Yusupov singari diktor va teleboshlovchilarning qiziqarli xotirotlari bilan oshno bo‘lasiz. Kitob "O‘zbekiston" nashriyot ijodiy matbaa uyi tomonidan 3000 nusxada nashr etilgan. 1000 tasini muxlislardan biri yoppasiga viloyatga olib ketganidan taajjubda qoldim. Demak Qodir Maqsumov so‘zini, nutqini aniq va tiniq talaffuz qilishga intilish barobarida, ona tilimizning nazokati va nafosatini namoyon eta olgan, o‘zining yoqimli, o‘ktam va o‘tkir nafasi bilan kasbdoshlari, yaqinlari va muxlislarini lol qodirgan, deya qo‘rqmay aytish mumkin.  

Diktor, Yozuvchi, Shoir...

Qodir Maqsumov har uchalasida ham o‘zini sinab ko‘rgan. Keyinchalik, u diktorlikda sobit qolgan va shu nom bilan tilgan tushgan. Unda-bunda nasriy va nazmiy mashqlar ham qilib turgan. G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyotida chop etilgan “Orzularing yo‘lida” kitobchasini yozgan. Ushbu kitobcha beshta hikoyani o‘z ichiga olgan. Qodir Maqsumovning aruz va barmoq vaznida yozilgan she'rlari ham o‘zining shaklu shamoyili bilan e'tiborli. “G‘azal bo‘stoni”, “Nazm va navo” kabi ko‘rsatuvlarda muntazam ravishda g‘azal va turli mavzudagi she'rlarni o‘qish, ulardan ta'sirlanish uning she'rlar mashq qilishiga, o‘zini nazmda ham sinab ko‘rishga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Uning she'rlari orasida ona yurt, vatanga bo‘lgan mehr bilan yo‘g‘rilganlari talaygina. Aruziy ohangda bitilgan “Vatan vasfi” deb nomlangan she'ri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi, mohir maqomshunos, marhum Matniyoz Yusupov tomonidan kuy bastalanib, ijro etilgan. “Fazogir qo‘shig‘i” she'ri o‘zining ohangdorligi, ravonligi va o‘ynoqiligi bilan ajralib turadi. Bu she'rlarni o‘qiganda kishi xalq qo‘shiqlariga xos ohangni tuyadi, ikkinchi tomondan sog‘inchning sodda va yorqin ko‘zgusiga nazar tashlagandek bo‘ladi. Qodir Maqsumovning mashqlari bisyor. Ayrimlari kundalik matbuotda chop etilgan. 

Suxanonning ijodiga tegishli bo‘lgan “Orzularing yo‘lida” nomli kitobini o‘qib, uni yozuvchi sifatida ham kashf etishingiz mumkin. 

Ikkinchi jahon urushida boshlanib, ro‘zg‘or tashvishi boshiga tushgan o‘spirin Qodir zavodga kirib ishlay boshlaydi. Frontorqasidan jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilayotganlar qatorida bo‘lib, jang maydonlaridan kelayotgan goh tashvishli, goh quvonchli xabarlarni qalban his etdi. El dardiga quloq tutdi. 1944 yilning yozidan diktor bo‘lib ishlay boshlaydi. O‘sha kundan e'tiboran Qodir Maqsumovning qat'iy, xotirjam, bizning g‘alabamizga to‘la ishonch bilan yo‘g‘rilgan ovozi radiokarnaylar orqali taralib turgan. Urushdan so‘nggi tinch qurilish yillarida diktorlik faoliyatining turli qirralari ochila borgan. U, ohanrabo tasmaga yozib olingan ellikdan ortiq rus klassiklari, o‘zbek va qardosh xalqlar, taraqqiyparvar jahon adabiyotining yirik asarlari asosida tayyorlangan radiopostanovkalarning juda ko‘pchiligida boshlovchi sifatida ishtirok etgan. Yuzlab shoir va adiblarning asarlarini o‘qigan. O‘zbekiston radiosining fonotekasida saqlanayotgan, radiomizning oltin fondi hisoblangan “Alisher Navoiy”, “Qutlug‘ qon” , “Maysaraning ishi”, “Ikki dil dostoni”, “Otello”, “Hamlet” kabi radiospektakllarida ham uning yurak cho‘g‘i, yolqini bor. 

U mohir diktor bo‘lishi bilan bir qatorda ko‘pgina hikoya va qo‘shiqlar muallifidir. Turli yillarda nashr etligan “Muhabbat qo‘shig‘i”, “Inson mehri”, “Orzularing yo‘lida” hikoya to‘plamlari o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan. Jurnalist, targ‘ibotchi va tashviqotchi, minbar diktori Qodir Maqsumov ovozi xonadonlarimizga 1945 yilning buyuk g‘alaba xushxabarini olib kirdi, bayramlar tantanasi va shukuhi, yangi erishilgan marralar, kashfiyotlar haqidagi yangilikarni qulog‘imizga quydi. Qodir aka betakror ovoz sohibi edi. U kishi qaysi mavzudagi eshittirishlarni olib bormasin, doimo maftunkor bo‘lgan. Chunki suxandon sifatida har bir so‘zga jon kirgizardi, uni tovlantirardi. 

Parkent tumani markazida dehqon bozoriga kiraverishdagi simyog‘ochga radiokarnay qo‘yilgandi. Ko‘plab odamlar Qodir akani tinglaganda to‘xtab qolib, keksalarning bir chekkada o‘tirib: “Baraka topgur, xo‘p ovozi bor-da, umrini bersin, kam bo‘lmasin”, deya alqaganlarini ko‘p bora eshitganman. Qodir akaning fe'lida o‘zbekcha chapanilik, mardlik, tantilik mujassam edi. Kesib gapirar, mijg‘ov fe'l odamlarni xush ko‘rmasdi... 

Rahimboy Jumaniyozovning “Toshkentdan gapiramiz” nomli kitobini o‘qish davomida san'atning bir necha turiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan Qodir Maqsumovning yaqinlari, kasbdoshlari yodga olgan yorqin xotiralardan ham shu tariqa bahramand bo‘lasiz.  
Fursatdan foydalanib, muallif Rahimboy Jumaniyozovning o‘zi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsak...

Rahimboy Jumaniyozov 1960 yilning 1 iyulida Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, Toshkent Davlat San'at institutida “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma'rifat” studiyasida “Yog‘du” bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida “Televideniye va radioeshittirishlar” kafedrasining mudiri, Toshkent Davlat Madaniyat institutining “O‘zbek va jahon tillari” kafedrasining dosenti, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining nashri “Vaqt-vremya” gazetasida muxbir va musahhix vazifalarida ishlagan. Hozirda Toshkent viloyati xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida “Til va adabiyot ta'limi” hamda O‘zbekiston Davlat san'at va madaniyat instituti “Sahna nutqi” kafedralarining dosenti vazifasida faoliyat yuritmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mukofotining laureati va “Eng yaxshi voiz” Respublika ko‘rik-tanlovining sovrindori, filologiya fanlari nomzodi, Antique world — “Antik dunyo” Xalqaro ilmiy akademiyasining akademigi. 

“Xalq dahosining ko‘zgusi”, “Eski o‘zbek yozuvi”, “Xalq ijodi – haq ijod”, “Harflar tilga kirganda”, “Alifbo”, “Dong qozongan doston”, “Turkiy savod”, “Harflar gulshani”, “Yangi alifbodan saboqlar”, “G‘oyaviy tarbiyada notiqlik san'ati”, “Komiljon Otaniyozov zamondoshlari xotirasida”, ”Yangiliklar yozish va tahrir qilish”, “Eli e'zozlagan baxshining baxti”, “Nutqiy mahorat”, “Ma'naviyat targ‘ibotchisi” “Ta'lim, tarbiya, tafakkur, taraqqiyot”, “Muomala madaniyati”, “Dil – qulf, til – kalit”, “Turkiy qiroat qiroli” nomli kitoblari chop etilgan. Shuningdek, “Alifbo saboqlari”, “Savod va saboq”, “Aruz gulshani”, “Tutash tomirlar”, “Aruz bo‘stoni”, “Sirli sandiq”, “Muqallidlik maydonida”, “Kim, nima?”, “Iqtidor” nomli intellektual-televizion musobaqaviy dasturlarning muallifi va boshlovchisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.

Shuningdek, u Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tashabbusiga muvofiq 64/21 – sonli jazoni ijro etish muassasasidan tayyorlangan “Meni kechiring, odamlar”, “Iqror”, “E'tirof va e'tiroz”, “Pushaymonlik qismati” hamda Zangiota tarbiya koloniyasidan olingan “Beboshlik balosi” nomli hujjatli filmlarning muallifi sifatida ichki xizmat sohasida foydalanish uchun tayyorlab bergan. O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB bilan “Iqtidor” videostudiyasi hamkorligida tayyorlangan, keng omma e'tiboriga havola qilinib “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan muvaffaqiyatli tasdiqlangan “Qora ilon” hamda “Begona” va “Ota” nomli badiiy filmlarning prodyusseri va hammuallifi bo‘lib huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining giyohvandlikka qarshi kurashdagi matonatini aks ettirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.

Muallif ijodiga tegishli bo‘lgan “Toshkentdan gapiramiz” kitobi orqali Qodir Maqsumov hayoti va ijodi to‘g‘risida batafsil ma'lumotga ega bo‘lish barobarida, qiroatxonlik asli nima ekanligi, nutqiy san'atlar, diktorlik san'ati va muxlislarning Qodir Maqsumovga yo‘llagan maktublari sizga ajoyib tarixiy manba sifatida manzur bo‘lsa ajab emas.

Mohichehra Eshmirzayeva

Top