11:47 / 17.05.2016
6438

Shineyd O'Konnor Chikago atrofidagi hududdan topildi

15 may kuni yo‘qolib qolgani ma'lum bo‘lgan irlandiyalik qo‘shiqchi va bastakor Shineyd O'Konnor Chikago shahri atrofidagi hududdan sog‘-salomat holda topilgan. Bu haqda politsiya ma'lum qilgan. Uning ruhiy holati haqida aniq aytilmagan.

Irlandiyalik qo‘shiqchi Chikago politsiyasi uni izlashni boshlagani haqida e'lon qilishidan bir necha soat o‘tib topilgan.

O'Konnor 15 may kuni tongida velosipediga mingan holda chiqib ketgan va qaytmagandi.

Shu kuni politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, uning bedarak ketgani haqida bildirishgan. Qo‘ng‘iroq qilgan odam uning sog‘-salomatligidan xavotir bildirgan. Guvohlarning aytishicha, qo‘shiqchi sayr uchun mo‘ljallangan kiyimda bo‘lmagan. Uning ustida qora kurtka, qora charm shim va sviter bo‘lgan.

O‘tgan yilda uning ruhiy holati izdan chiqib, o‘z joniga qasd qilishiga bir baxya qolgandi.

Shineyd O'Konnor 49 yoshda. Uning dunyo miqyosida tanilishiga 1990-yillar boshida Prinsning Nothing Compares 2 You qo‘shig‘ini kuylashdagi ishtiroki sabab bo‘lgan.

Jami bo‘lib O'Konnor 10ta albom yozgan.

U tez-tez mojarolarga aralashib qolishi bilan ham ma'lum.

Xususan, 1992 yili Saturday Night Live teleshousida cherkov sha'niga noma'qul so‘zlar aytib, papa Ioann Pavel II suratini toptagandi.

O'Konnor o‘z chiqishlaridan birida qochqinlarning farzandlari suratini ko‘tarib chiqqan.

May oyi boshida O'Konnor amerikalik komik aktyor Arsenio Hollni ko‘p yillar davomida marhum qo‘shiqchi Prinsga narkotiklar yetkazib berish bilan shug‘ullanib, uning o‘limiga sabab bo‘lganlikda ayblagandi.

Holl barcha ayblarni inkor qilgan va O'Konnorni sudga bergan.

Shineyd O'Konnor 4 marta turmush qurgan va 4 nafar farzandli bo‘lgan.

Top