08:30 / 18.05.2016
7373

AQSh hududiga tushgan meteorit bo‘laklari uchun 20 ming dollar mukofot e'lon qilindi

AQShda Men shtati hududiga tushgan yorqin samo jismi – meteorit uchun 20 ming dollar mukofot e'lon qilindi.

Meteoritning qulashini Nyu-York, Men, Vermont, Nyu-Gempshir va Rod-Aylend shtatlarida ko‘plab odamlar kuzata oldilar. Bundan tashqari, jismning atmosferada qoldirgan yorqin izini Vermont shtatidagi Berlington xalqaro aeroporti videokameralari ham qayd qildi.

Samo jismi Men shtatining o‘rmonli hududlariga tushgani taxmin qilinmoqda. Mahalliy ma'danshunoslik muzeyi bir kilogrammdan og‘irroq bo‘lgan meteorit bo‘lagi uchun 20 ming dollar mukofot puli e'lon qildi. Biroq meteorit qoldirgan yorqin yog‘dularga qaramasdan, Vashingtondagi Harbiy-dengiz observatoriyasi xodimlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, jismning o‘lchamlari bor-yo‘g‘i bir necha o‘n santimetrni tashkil qiladi.

Rossiyaning Chelyabinsk viloyati hududiga 2013 yil 15 fevralda tushgan meteorit Rossiyaga oxirgi vaqtlarda tushgan eng katta meteorit hisoblanadi. Uning Chebarkul ko‘lidan topilgan bir bo‘lagining o‘zi bir necha tonnani tashkil qilgan.

Top