18:56 / 18.05.2016
5161

Qirg‘iziston IIV: muxolifatning Bishkekdagi mitingida qatnashganlarga pul berilgan

Qirg‘izistonning muxolifatdagi "Xalq parlamenti" harakatining Bishkek markazida o‘tkazilmay qolgan mitingi tashkilotchilari, norozilik aksiyasi qatnashchilariga pul to‘lashgan, ular shu maqsadda mehnat birjalaridagi vaqtinchalik ishsizlarni ham namoyishga jalb etgan, deb xabar qilmoqda mamlakat ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati. 

"Xalq parlamenti" jamoat tashkiloti 17 may kuni Bishkekning G‘alaba maydonida, prezident Almazbek Atambayev iste'fosini va tashkilotning hibsga olingan yetakchilarini ozod etishni talab qilib, norozilik mitingi o‘tkazishni rejalashtirgan, unda 1,5 mingga yaqin kishi qatnashishi mumkinligi aytilgandi. Biroq belgilangan vaqtda qatnashchilar maydonda paydo bo‘lmagan. 

IIV ma'lumotlariga ko‘ra, operativ tekshiruvlar natijasida aniqlanishicha, miting bo‘ladigan kuni G‘alaba maydoniga kelgan 7 kishi so‘roq qilinganida, "o‘zlarini Rashid va S'yezdbek deb tanishtirgan noma'lum kimsalar mitingda qatnashishlari uchun ularga ming som berishga va'da qilishgan".

Vazirlikda, shuningdek, Sokuluk rayonining 58 yoshli fuqarosi qo‘lga olingani xaqida ham ma'lum qilgan. U milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosi va G‘alaba maydonida mitingni tashkil etish uchun 290 dollar olganlikda gumon qilinmoqda. Tintuv chog‘ida, "uning yonida 10 ming som borligi aniqlangan. Barcha to‘plangan materiallar, Bishkek shahar IIBB tergov boshqarmasiga topshirilgan".

Top