22:43 / 19.05.2016
7662

YeI O‘zbekistonga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda yordam taklif qildi

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda, shuningdek energiya iqtisod qiluvchi texnologiyalarni tatbiq etishda Yevropa investitsiya banki yordamlaridan foydalanishni taklif qildi. Bu haqda rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan YeI Komissiyasining energetik ittifoq bo‘yicha vitse-prezidenti Marosh Shevchovich Toshkentdagi chiqishi vaqtida ma'lum qilgan.

Uning aytishicha, bu yo‘nalishda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv vaqtida muzokara o‘tkazilgan. Muzokara vaqtida O‘zbekiston tomoniga bu soha rivoji uchun Yevropaning tajribasi, texnologiyalari va mablag‘laridan foydalanish taklif qilingan.

"Bugun biz kelgusida YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasini muvofiqlashtirib olishimiz kerak. Nafaqat qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida, balki savdo sohalarida ham. Biz o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan jamg‘armalar va boshqa moliyaviy instrumentlardan foydalangan holda hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalalarini muhokama qildik", deya qayd etgan Shefchovich.

U O‘zbekistonda bu boradagi loyihalarning Yevropa investitsiya banki tomonidan moliyalashtirilishi istiqbollarini qayd etgan. 

"Biz o‘zbekistonlik hamkorlar bilan Markaziy Osiyoda investitsiya jamg‘armalaridan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilganimizdan xursandmiz. Men 2 kun davomida O‘zbekistonda rasmiylar va biznes doiralar vakillari bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdim. Asosiysi, ikki tomon ham kelgusidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini to‘g‘ri tushunadi", degan u.

Top